Jahon madaniyati tarixida bu qadar ko‘p afsona va rivoyatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan boshqa bir nomni topish mushkul bo‘lsa kerak. Yozuvchilar, shoirlar va rassomlar bu ayolning romantik hamda bir qadar sirli siymosini yaratganlar. Bosh rolni Elizabet Teylor o‘ynagan mashhur film ham Kleopatra obrazi bilan bog‘liqdir.
Sharqda Qlubatro nomi bilan mashhur bo‘lgan bu ayol haqida nimalarni bilamiz?
Kleopatra — o‘z davrida Buyuk Iskandar Maqduniy taxtga o‘tkazgan Ptolemeylar avlodidan bo‘lgan, Misrning so‘nggi shohinasidir. U eramizdan avvalgi 69 yilda tug‘ilgan. Otasi Misr shohi Ptolemey 12 unga o‘z avlodi uchun an’anaviy bo‘lgan Kleopatra ismini beradi.
Otasining o‘limidan so‘ng Kleopatra, vasiyatga muvofiq, o‘z ukasi Ptolemey bilan birgalikda hukmronlik qila boshladi. Biroq bir muncha vaqtdan so‘ng, voyaga yetib qolgan Ptolemey Kleopatrani Falastinga surgun qilib, yakka o‘zi hukmronlik qila boshlaydi.
Eramizdan avvalgi 48 yilda Rim sarkardasi Gay Yuliy Sezar sulola kurashiga aralashib, Kleopatraga taxtni qaytarib olib beradi. Eramizdan avvalgi 47 yilda Sezar bilan Kleopatraning o‘g‘li — Sezar Ptolemey dunyoga keladi.
Bir yildan so‘ng Kleopatra, jahondagi ikki buyuk davlat — Rim bilan Misrni qo‘lining nomi bilan birlashtirish maqsadida u bilan Rimga keladi. Biroq eramizdan avvalgi 44 yil 15 martda uning umidlari chilparchin bo‘ladi. Shu kuni Senatning majlislar zalida Sezar o‘ldiriladi.
Dafn mahali e’lon qilingan vasiyatnomada Sezar singlisining o‘g‘li Gay Oktaviyni o‘g‘il qilib olgani hamda uni asosiy voris etib tayinlagani ma’lum bo‘ladi. Sezar Ptolemey haqida esa vasiyatnomada bir og‘izam so‘z yo‘q edi.
Misrga qaytgach, Kleopatra o‘g‘lini ham hokim etib tayinlaydi.
Uch yildan so‘ng Kleopatra Rim imperiyasini Oktaviy bilan birga boshqarayotgan Mark Antoniy bilan uchrashadi. Eramizdan avvalgi 42 yilda sobiq sarkarda Filipp Sezar qotillari ustidan g‘alaba qozonadi. Shu paytdan boshlab Mark Antoniy boy sharqiy o‘lkalar, shu jumladan Misrning hukmdoriga aylanadi.
Mark Antoniy omadli sarkarda edi. Bazmi jamshidlarni, ayollarni, hayotni sevardi. Bularga Kleopatraga bo‘lgan mash’um muhabbati qo‘shildi. Eramizdan avvalgi 36 yilda Mark Antoniy Oktaviyning opasini tashlab, Kleopatraga uylandi.
Shundan so‘ng omad undan yuz o‘giradi. Parfiya hamda Armanistonga qilingan samarasiz jangovar yurishlar Mark Antoniy bilan Oktavian Avgust munosabatlarini butunlay yomonlashtirib, ular o‘rtasida urush boshlanib ketadi.
Eramizdan avvalgi 31 yilda Oktavianning floti Aktsium burnida Antoniy ustidan g‘alaba qozonadi. Kleopatra bilan Antoniy Iskandariya (Misr)ga qochib qutulishadi. Biroq Oktavian qo‘shinlari ularni ta’qib qilishni davom ettiradi.
Eramizdan avvalgi 30 yilda Oktavian qo‘shinlari Iskandariyaga kirgach, Antoniy o‘z joniga qasd qiladi. O‘z ko‘ksiga xanjar urib, Kleopatraning qo‘lida jon beradi.
Kleopatra ham, Oktavian qozongan zafar tufayli sharmanda bo‘lishdan qochib, o‘zini o‘zi o‘ldiradi. Rivoyat qilishlaricha, u savatda ilonlarni keltirishni buyurgan va ilonlar zahridan halok bo‘lgan.
Ularning farzandlarining taqdiri ham turlicha bo‘lgan: Sezar Ptolemey Oktavianning buyrug‘i bilan o‘ldirilgan, Mark Antoniyning farzandlarini esa xotini o‘z tarbiyasiga olib, Rimga olib ketgan.