Kanareyka boqqan odam borki, «karakatitsa suyaklarini» biladi. Ular, albatta, karakatitsaniki bo‘ladi. Bu suyaklar kanareyka va boshqa xonadon qushlariga tumshuqlarini o‘tkir qilish uchun beriladi.
Shu hisobga olinmasa, biz karakatitsa haqida hech narsa bilmaymiz. Karakatitsa — baliq emas, mollyuska. Ular mollyuskalarning «boshoyoqli» guruhiga mansub. Bunday atalishiga paypaslagichlari yoki oyoqlarining og‘iz atrofida joylashgani sabab bo‘lgan. Bu guruhga sakkizoyoqlar ham kiradi.
Karakatitsa anchayin g‘aroyib mavjudot. U suvda qalqonsimon badaniga birikkan bir necha suzgichlari yordamida mayin va shovqinsiz harakatlanadi. Ba’zan, harakatlanayotgan payti u paypaslagichlarining birinchi juftini ko‘taradi. Karakatitsa o‘ljasiga yaqin borib, kutilmaganda chaqchaygan ko‘zlari ortidagi xumday boshida joylashgan qornidan ikkita uzun paypaslagichini otadi.
U o‘ljasini paypaslagichlari uchidagi so‘rg‘ichlari bilan o‘ziga tomon, boshi atrofida joylashgan boshqa, kaltaroq so‘rgichli paypaslagichlari yetadigan masofagacha tortib keladi. Karakatitsalarning to‘tiqushnikiga o‘xshagan tumshug‘i ham bor; agar o‘ljasining chig‘anog‘i qattiq bo‘lsa, u tumshug‘i bilan chig‘anoqni yoradi.
Bordiyu karakatitsaning o‘zi biror xavfdan qochib qutulmoqchi bo‘lsa, u buning uddasidan chiqa oladi. U bunga «sifon» deb atalmish nayidan suvni tez chiqarib tashlash evaziga erishadi. Ayrim hollarda, u dushmaniga firib bermoqchi bo‘lsa, suvni «sepiya» deb ataladigan to‘q jigarrang suyuqligi bilan loyqalatadi.
Aytgancha, mana shu sepiyadan inson ham foydalanadi: undan to‘yintirilgan jigarrang pigment yoki bo‘yovchi modda olinadi. Karakatitsa go‘shtini quritib iste’mol qilish mumkin, karakatitsa terisi tagidagi chig‘anoq suyagiga o‘xshash suyagi un qilinadi va tish pastalarini tayyorlashda ishlatiladi.