Bibliya tarkibiga kiruvchi to‘rt Yevangliye (Injil) bo‘yicha Iisus Xristning boshlangich vaqti — xushxabardan tortib chormixga tortib o‘ldirilgunicha hamda tirilib, arshi a’loga ko‘tarilguniga qadar bo‘lgan deyarli butun «tarjimai holi»ni tiklashimiz mumkin. Bu rivoyat ko‘plab apokrifik asarlar bilan to‘ldiriladi.
Musulmon olamida Iso Masih nomi bilan mashhur bo‘lgan Iisus Xrist siymosi islomdan boshqa manbalarda o‘zida ilohiy va insoniy tabiatni birlashtirgan Xudo odam sifatida talqin qilinadi. Boshqa afsonaviy qahramonlar tasviridan farq qiluvchi bunday tasavvurda o‘tmish davrning turli xudolari to‘g‘risidagi ko‘plab g‘oyat qadimiy tasavvurlar aks etgan.
Shu bois ko‘plab tadqiotchilar Iisus Xristni o‘lib, qayta tirilayotgan xudolar safida ko‘rishadiki, bu safga misrliklarning Osirisi, yunonlarning Dionisi va skandinavlarning Baldri ham kiradi. Nasroniylarning asosiy bayramlari quyosh kalendari bilan aniq bog‘liqligini ayni shu sabablar ham ko‘rsatadi.
Xrist tug‘ilgan kun 25-dekabrda nishonlanadi, ayni shu kun Quyosh qishki tengkunlikdan so‘ng bahorga yuz buradi. Pasxa esa bahorgi tengkunlikdan so‘ng, Quyosh bir yillik yo‘lning yarmini o‘tgach, nishonlanadi.
Xrist siymosida qadimgi dunyo tasavvurlari qo‘shilib ketgan, shu bois u ko‘rsatayotgan mo‘jiza turli-tuman bo‘lishiga olib kelgan. Biroq dindorlar eng avvalo e’tiqod yo‘lida jonini qurbon qiladigan va bu bilan taqdirga tan berish namunasi bo‘ladigan Najotkor siymosini ko‘rishadi.