Hayvonlar ta’m sezgisiga egami?

Bizning ta’m sezishimiz — bu behisob lazzat manbaidir. U ovqatdan lazzat olish imkonini beradi. Ammo bu sezgi bizga faqat yoqimli tuyg‘ular uchungina emas, balki himoya vositasi sifatida ham berilgan. U ko‘pincha bizni organizmimiz uchun xavfli bo‘lgan taomni iste’mol qilishdan saqlaydi.

Ta’m bilish sezgisining o‘zi nima? Bu molekulalar to‘qnashuvini sezishdir. Bu harakatlanuvchi zarrachalar ta’m nervlarini qo‘zg‘aydi va biz u yoki bu ta’m sifatida idrok etiluvchi signalni qabul qilamiz. Faqat molekulalar u yoki bu darajada erkin harakat qila oluvchi suyuq moddalar bizda ta’m sezgilarini qo‘zg‘ashi mumkin. Masalan, oyna parchasi biz uchun ta’mga ega emas. Molekulalarni tezroq harakatlanishga majbur qiladigan hamma narsa ta’mni kuchaytiradi. Shuning uchun ham issiq narsa sovuq narsaga nisbatan tezroq sezgini keltirib chiqaradi. Ta’mga ta’sirchan nervlar nimasi bilandir o‘simtalarni eslatadi. Aynan shular biz ta’m deb ataydigan sezgini uyg‘otish qobiliyatiga ega.

Bu o‘simtasimon organlar odamda va rivojlangan hayvonlar tilida joylashgan bo‘ladi. Ularning soniga kelsak, har bir turda ular keskin farq qiladi. Darvoqe, odam — o‘rtamiyona degustator (chashnachi, ta’m ko‘ruvchi)dir. Unda atigi 3 mingta ta’m sezish o‘simtasi bor, xolos. Baliqlarni to‘dasi bilan hatto chaynamay yutadigan kitda ular bir nechta yoki umuman yo‘q.

Ajablanarlisi shundaki, cho‘chqa odamga nisbatan ancha sezgirroq: unda 5500 ta’m sezish organi mavjud. Sigirda — 35 000, antilopada 50 000 dan ortiqroq. Hayvonlar ta’m sezgisigagina ega bo‘lib qolmay, ularning ko‘pi odamga nisbatan ancha yaxshi degustator hamdir.

Dengiz hayvonlari ko‘pincha ta’m sezish o‘simtalari bilan sirtdan qoplangan bo‘ladi. Masalan, baliqlar butun tana sirti bilan sezadi. Pashsha va kapalak kabi mavjudotlar ta’mni oyoqchalari bilan «tatib» sezadilar.

Ilonlar va kaltakesaklar bu maqsadda tillaridan foydalanadi-yu, ammo bizdan farq qiladi. Ular til uchini zudlik bilan tekkizib, yemishning mayda zarralarini ilib oladi. Bu zarralar til uchi yordamida og‘izning yuqori qismidagi maxsus organga yetkaziladi, u yemishning ta’mi va hidini tatib ko‘radi.