Dum aksariyat hayvonlarning yakkayu yagona qurolidir. Qora dengizda g‘alati maxluq — dumi ingichka, yapaloq baliq yoki dengiz mushugi yashaydi. Bu baliqlar zohiran katta dastali-dumli tovaga o‘xshaydi. Dumg‘azasi tagidan uzun, yassi, chetlari kertiklangan va nayzaday o‘tkir tikanak o‘sib chiqadi. Dengiz mushugi xavfli vaziyatlarda dumi bilan quturib savalaydi va «nayzasi» bilan jarohat yetkazadi.
Egridum baliqlar — meshqorni tashi pichoqning o‘tkir tig‘iday zirh bilan himoyalangan, gavdasi chiroyli mayda maxluq. Shu bois uning ustara degan ikkinchi nomi ham bor. Ortida dum suzgichi o‘rniga meshqorni tomon egilib turuvchi tikanak o‘sib chiqqan. Atrof osoyishta bo‘lgan chog‘larda baliqchalar boshini egib sekin suzadi, ittifoqo dushman chiqib qolsa, tikanagi va zirh tig‘ini u tomonga buradi.
O‘rta Osiyo cho‘l va sahrolarida yashaydigan yirik kaltakesaklar — echkiemarlar yirtqichni dumi bilan savalab, o‘zini himoya qiladi. Zarbasi suyakni sindiradigan darajada kuchli. Ho‘kizlar, otlar, zebralar, eshaklar, antilopalar hatto bahaybat fillar, pashsha, chivin, mayda chivin, so‘na va boshqa hasharotlardan o‘zlarini dumi yordamida himoya qiladi. Hasharotlar rosa xiralik qilayotgan payti Prjevalskiy oti o‘zini chir aylanib mudofaa etadi, mayda tajovuzkorlar qurshovida turib, dumini silkitaveradi.
Mayda jonivorlar yirtqichlar changaliga tushib qolganlarida «ehson berib qutilishga» harakat qiladilar. Bunday vaziyatda kaltakesaklar va yer salamandrlari maxsus mushaklarini taranglashtirib, dumg‘azasi tagidagi bo‘g‘imlardan birini uzib tashlaydi. Tajovuzkor ilanglayotgan bo‘g‘imdan talvasaga tushib qoladi, uning egasi esa qochishga kirishadi. Bu tur hayvonlarda dumdan ayrilish qayg‘uli emas, chunki u yana o‘sib chiqadi. Bordiyu yirtqich sichqonning dumidan tutib olsa, uning xafa bo‘lib o‘tirishiga hojat qolmaydi. Siyrak tukli dum terisi oson, xuddi paypoq misoli dumdan ajralib tushadi va dushman og‘zida qoladi, sichqon esa dumsiz juftak rostlab qoladi. Teri qayta o‘sib chiqmaydi, dumining yalang‘och holgan uchi qurib tushadi. Axir dumsiz ham yashash mumkinda!