Barcha hayvonlar, hatto deyarli doimo instinkt asosida harakat qiladigan hayvonlar ham butun hayoti davomida ayrim «yumush»larni bajarishga o‘rganishiga to‘g‘ri keladi. Bunday o‘rganish jarayoni doimo ham bir xilda kechavermaydi.
Ko‘p hollarda biz hayvon biror narsani «o‘rganyapti» deb o‘ylaganimizda aslida u o‘zidagi tug‘ma instinktni rivojlantirayotgan bo‘ladi.
Hayvonlarni o‘qitishning, bu so‘zning tom ma’nodagi eng keng tarqalgan usuli xatolar qilish va kelgusida bunday xatolarni takrorlamaslik uchun ularni eslab qolishdan iborat. Itlar xatti-harakat qoidalari va turli qiliqlarni ana shunday o‘rganadi, otlar ham ana shunday minishga o‘rgatiladi va mashq qildiriladi.
Hayvonlar boshqalar tajribasidan kamdan-kam hollarda o‘rganadi. Agar itlardan birortasi u yoki bu qiliqni bilsa, uni kuzatib turgan boshqa it bu qiliqni takrorlay olmaydi.
Aql bilan ish ko‘rish — bu hayvonlar uchun qanday ahamiyatga molik? Bu ilgari hech qachon duch kelinmagan va tug‘ma instinktlar naf bermaydigan hollarda muammoning yechimini topish demakdir. Ammo tajribalar dalolat berishicha, odamsimon maymunlar ma’lum darajagacha fikr yuritishga qodir. Tajribalardan birida maymun bo‘yi yetmaydigan balandlikda banan osib qo‘yilgan xonaga kiritiladi. Xonada bundan tashqari ikkita kichik quticha ham bor edi. Maymun o‘rnidan turib, qutilarni ustma-ust qo‘yadi va unga chiqib bananni oladi! Aslida buni qanday uddalash kerakligini maymun o‘ylab topdi, ya’ni aql bilan ish ko‘rdi.
Ehtimol olimlar it, mushuk va hatto ayrim yovvoyi hayvonlar ma’lum darajada mantiqiy xulosalar chiqara oladi degan fikrga moyildirlar, ammo buni isbotlash juda mushkul.