Agar siz ertalab o‘rmonga sayrga otlansangiz, ayrim gullar hali o‘z qalpoqchalarini ochmaganini ilg‘ab olasiz. Mana shu paytda ba’zi o‘simliklar butkul uyg‘onib, tong quyoshi tomon talpinadi, boshqalari esa qattiq uyqusini buzmagan, harqalay, ularning qalpoqchasi ochilmagan bo‘ladi. Bordiyu siz ularni bir necha kun kuzatsangiz, o‘zingiz uchun ajoyib kashfiyot qilasiz. Quyosh chiqishi bilan gullar bir vaqtda ochilavermaydi. Darvoqe, odamlar buni qadim zamonlardayoq kashf etishgan. Ular gullarni kuzatib, ularning hayoti ma’lum biologik maromga bo‘ysunishini anglab olganlar. Ayrim gullar o‘z gulchambarini erta tongdayoq ochadi va quyosh tik ko‘tarilganda yopadi, boshqalari esa kunduzi yoki kechga yaqin «uyqudan turadi».
Qadim Yunonistonda va Rimda shakldor gulzorga gullarni shunday ekishganki, ularga qarab vaqtni bilish mumkin bo‘lgan.
Hozir shved botanigi Karl Linneyning bundan 260 yil avval yaratgan mashhur gulsoatlarini hamma biladi. Uning Upsala shahridagi shakldor gulzorida o‘sgan gullar tong azon soat 3 — 5 dan to yarim kechaga qadar birin-ketin ochilgan. U yerda hammaga tanish qoqigul, zig‘ir, kartoshka, yorqin sarana, oddiy kislichka, qo‘ng‘iroqgul va boshqa gullar o‘sgan.
Olim o‘z kuzatishlari natijalarini kunda maxsus jadvalga yozib borgan. U jadvalga kunning qaysi vaqtida qaysi gul o‘z gulkosasini ochishini qayd etgan. O‘sha jadvalga qarab, kun vaqtini bilish qiyin bo‘lmagan.
Agar siz bu tajribani takrorlamoqchi bo‘lsangiz, sinab ko‘ring, bu juda qiziqarli. Ammo bir muhim shartni nazardan qochirmang: gullarning biologik maromi siz yashayotgan joyning jo‘g‘rofiy holatiga bog‘liq. Shu sababdan gullarni mahalliy shart-sharoitdan kelib chiqib tanlang. Masalan, Rossiyaning o‘rta mintaqasida hammadan avval, soat 3 dan 5 ga qadar echkisoqol o‘t — poyi chiroyli sariq sertuk gul «uyg‘onadi».
Tonggi soat 4 — 5 da qip-qizil bo‘lib qizg‘aldoq, ko‘m-ko‘k bo‘lib sachratqi gultojlari ochiladi. So‘ng bo‘ztikan va krasnodnev «uyg‘onadi». Soat 6 ga yaqin quvnoq qoqigul, zig‘irning nafis gullari, kartoshkaning och-binafsha gullari ochiladi. Bordiyu siz kislitsaning nafis gultojlari va to‘q sariq gulhamishabahorni ko‘rsangiz, soat 9 bo‘lganiga ishonch hosil qilavering, chunki bu gullar ayni shu vaqtda «uyqudan turadi». Na’matakning yorqin gullari kun bo‘yi ochilib turadi.
Soat gullar kechki va tungi vaqtni ham aniqlab berishi mumkin. Hammamizga besh qo‘lday ayon xushbo‘y tamaki tungi gullar sirasiga kiradi. Uning gullari kunduzi yopilib, faqat kechqurun ochiladi. Quyosh botishi bilan tungi binafsha xushbo‘y hid tarata boshlaydi. Yarim tunda «Tungi malika» kaktusining gulkosasi ochiladi.