Odamlar o‘z atrofini qurshab turgan murakkab organizmlarning qanday yashashini o‘rganish maqsadida evolyutsiya nazariyasini yaratdi. Ko‘pchilik olimlar bu nazariyani tan oladi, ammo ayrimlari uni rad etadi. Ular, bu nazariya Injilga zid, deb hisoblashadi.
Ushbu nazariyaga ko‘ra, zamonaviy o‘simlik va hayvonot turlari tabiiy ravishda nisbatan ko‘hna va eng oddiy turlardan kelib chiqqan. Ular ham o‘z navbatida, yanada oddiyroq turlardan vujudga kelgan. Shu tariqa million yillar oldin hayotning boshida sodda yelimshaksimon protoplazma quyqasi turgan.
Bu nazariyaga ko‘ra, odam ham, xuddi hozirgi bir tuyoqli ot besh panjali kichik ajdodidan o‘rgiganiday (kelib chiqqan), nisbatan soddaroq mavjudotlardan kelib chiqqan.
Olimlar evolyutsiya mavjudligini isbotlash uchun uchta asosiy dalilni keltirishadi. Birinchidan, qadim zamonlarda yashagan o‘simliklar va jonivorlarning qazib olinayotgan qoldiqlarini o‘rganish. Ayrim qoldiqlar evolyutsiya mavjudligini tasdiqlamoqda. Qazishmalarning shahodat berishicha, ibtidoiy odam bundan million yil avval yashagan. Shuningdek, qazishmalar vaqtida bundan 500 million yil avval yashagan dengiz qisqichbaqasiga o‘xshash mavjudotlarning qoldiqlari topildi. Qazishmalar tasdiqlashicha, Yerda baliqlar amfibiyalargacha, amfibiyalar sudralib yuruvchilargacha, sudralib yuruvchilar parrandalargacha va h.k. paydo bo‘lgan. Olimlar shularga asoslanib, hayot bir shakldan ikkinchi bir shaklga qarab rivojlanib borgan, deb hisoblashadi.
Evolyutsiyadan darak beruvchi ikkinchi dalil embriologiyadir. Bu fan organizmning tuxumdan boshlab taraqqiy etib borishini o‘rganadi. Jo‘janing rivojlanib borishi kuzatilganda, homila bir vaqt baliqqa, so‘ngra amfibiyaga, undan keyin esa sudralib yuruvchilarga o‘xshashlik bosqichini o‘tganidan keyin, nihoyat parranda shakliga ega bo‘lishi oydinlashadi. Barcha jonivorlarning homilasi o‘z taraqqiyoti tarixini qaytaradi.
Uchinchi dalil esa hozirgi hayvonlarning tana tuzilishidir. Masalan, toshbaqaning suyak va oyog‘i mushaklari, qushlarning qanoti, kitning suzgichi, otning oldingi oyoqlari va odamning qo‘llari tuzilishi bir xildir. Odam tanasida bir qarashda kerak bo‘lmaydiganday tuyuladigan organlar bor. Taxminlarga qaraganda, ular bizga qadimgi ajdodlarimizdan o‘tgan. Evolyutsiya — tabiiy taraqqiyot nazariyasi yuzaga kelishiga turtki bergan dalillar ana shulardir.