Eng mayda gulli o‘simlik tomirsiz volfiya sanaladi. Bu o‘simlikning eni bir millimetrdan oshadigani ham ahyon-ahyon uchraydi. Baqato‘nlar oilasiga mansub volfiyaning tomiri yo‘q, u hovuzlardagi suv yuzini kofe quyqumiga o‘xshash jigarrang yupqa pardasi bilan to‘sib, kun kechiradi.
Volfiyaning yaproqlari ham bo‘lmaydi. U uchi sal kavak kaltagina yolg‘iz «poyabarg»dan tarkib topgan, ana shu poyasidan bir kecha-kunduzda yangi kurtak unib chiqadi.
Tomirsiz volfiya shu qadar tez ko‘payadiki, bir kecha-kunduz ichida ularning soni ikki baravarga ortadi. Garchi gullaydigan volfiya kamdan-kam uchrasa-da, bu o‘simlik ba’zan gullaydi ham. Uning guli suvdan chiqib turadigan poyasi uchida juda xira ochiladi, o‘yiqchasiga bitta urug‘chi va bitta changchi joylashadi.
Kichkinaligiga qaramay, bu o‘simlik sholizorlarga ancha-muncha zarar keltirishi mumkin va u xavfli begona o‘t hisoblanadi. Ba’zan volfiyani mollarga yashil ozuqa sifatida atay parvarish qiladilar ham. Bu o‘simlik oqsil va uglevodga boy bo‘lib, ustiga ustak tez ko‘payadi va maxsus qarovni talab etmaydi.