Diatom suvo‘tlar mayda bir hujayrali o‘simliklardir. Ularni Yer sharining barcha suvliklarida ko‘plab uchratish mumkin.
Eng katta diatom suvo‘tlarni ko‘z zo‘rg‘a ilg‘aydi, eng kichiklarining uzunligi esa 0,025 millimetrga yetadi. Ular juda kichik bo‘lsa-da, o‘zlariga granitday mustahkam tosh boshpana qurib oladi. Diatom suvo‘tlarning 10 mingdan oshiq turi bor. Ularning shakli turlicha.
Ularning turarjoyi qutining ustki va ostki qismlari kabi bir-birining ustida turuvchi ikkita chig‘anoqdan tarkib topgan, chekkalari belbog‘day bir-biriga tutashib ketgan. Ichida o‘simlik bor.
Aksariyat diatom suvo‘tlar suvda suzib yuradi yoki yelimshakni eslatadigan modda yordamida toshlarga, kattaroq o‘simliklarga yopishib oladi. Ayrimlari esa bir joydan boshqa joyga erkin suzib yuradi, ammo ularning qanday qilib mustaqil harakat qilishi noma’lum.
Diatom suvo‘tlar bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi. Quticha ichidagi hujayra bo‘linishi bilan quticha ham ikkiga ajralib ketadi. Har bir yarim chig‘anoq mustaqil hayot va o‘ziga yangi turarjoy qura boshlaydi.
Diatom suvo‘tlar bizning hayotimizda muhim ahamiyatga ega. Boshqa o‘simlik turlari bilan bir qatorda ular okeanning asosiy o‘simlik organizmlari hisoblanadi. Ular suvda erigan mineral moddalarni organik moddalarga aylantirib beradi, shuningdek, suvda hayot kechiradigan baliq, kit va boshqa jonivorlar uchun oziq-ovqat manbai bo‘lib xizmat qiladi. Baliqning jigarida yig‘iladigan suvo‘tlar yog‘i sanoat yo‘li bilan olinadi. Yog‘lar vitaminlarga juda boy.