Dengiz toshbaqalari nima uchun dengizma-dengiz daydib yuradi?

Dengiz toshbaqalari bir joyda muqim yashamaydi. Har mavsum qirg‘oqqa chiqib, tuxum qo‘yishdan oldin urg‘ochi dengiz toshbaqalari albatta issiq joyini tashlab, boshi oqqan tomonga suzib ketadi.

Goho faqat o‘zlariga tanish bo‘lgan orollarni izlab minglab kilometr masofa bosadi. Ularning sayohati, albatta, maqsadsiz emas. Dengiz toshbaqalari qachonlardir o‘zlari dunega kelgan joyda tuxum qo‘yadi. Masalan, Braziliya qirg‘oqlarida yashovchi toshbaqalar tuxum qo‘yish uchun 2 250 kilometr yo‘l bosib, Vozneseniya orollariga borishi kerak. Biologlar hozirga qadar toshbaqalarning o‘z vatanlarini, aynan o‘zlarining tug‘ilgan joylarini qanday topishini aniq tushuntirib berolmaydilar.

Uzoq vaqt Atlantika okeanida yashovchi ridleylarning qayerda ko‘payishi muammo bo‘lib keldi. Keyin, harholda, topishdi. Atlantika okeanida yashaydigan ridleylarning hammasi tuxum qo‘iish uchun Meksikaning Rancho-Nuevo degan joyi yaqiniga, 90 mil uzunlikdagi tanho plyajga yig‘ilishi ma’lum bo‘ldi.

Mahalliy odamlar minglab toshbaqalarning bir vaqtda dengizdan chiqib kelishi, tuxum qo‘yish uchun chuqurcha kavlashidek mutlaqo g‘aroyib manzaraning guvohi bo‘lishadi. Keyin ularning o‘rniga boshqalari keladi. Bir necha oy o‘tgandan keyin jajji toshbaqalar paydo bo‘ladi, qirg‘oq beo‘xshov va betartib jonivorlarning bij-bij qaynashidan tebranayotgandek tuyuladi.