Detektiv kitoblar o‘qishni yoki filmlarni televizor orqali tomosha qilishni yoqtirasizmi? Ular doimo tomoshabinni hayajonlantiradi. To‘g‘rimi? Siz kimdir nega va qanday qilib, jinoyat qilganini bilishga qiziqasiz. Bizni o‘rab turgan dunyoning ham xuddi shunday ochilishi kerak bo‘dgan siru asrori ko‘p. Nima uchun hayvonlar o‘zini bunday tutadi? O‘simliklarni o‘ziga xos yo‘sinda o‘sishga nima majbur etadi? Nega bizning tanamiz u yoki bu harakatlarni sodir etadi?
Inson hamisha hayotning bunday jumboqlarini yechishga intilib kelgan. Detektivlardagi jinoiy ishni fosh etuvchi tergovchi singari bu yerda ham ishni dastlab dalillar yig‘ishdan boshlash kerak. Tabiat tarixi bunday dalillarni to‘plash va o‘rganish bilan shug‘ullanib kelgan.
Bizning davrimizga kelib, u biologiya deb atala boshladi. «Biologiya» so‘zi yunoncha «bios» («hayot») va «logos» («fan») so‘zlaridan olingan. Shunday qilib, biologiya barcha turdagi organizmlar, o‘simliklar va hayvonlar to‘g‘risidagi fandir. Bu fan ularning shakllari, faoliyati, vazifalarini va o‘rab turgan atrof-muhitini o‘rganadi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu fan tirik tabiatni o‘rganadi. Uning ayrim qismlari ma’lum bir organizmlar guruhini, masalan, virusologiya viruslarni, bakteriologiya bakteriyalarni, mikologiya zamburug‘larni, botanika o‘simliklarni, zoologiya hayvonlarni, anatomiya esa odam yoki organizm tuzilishini o‘rganadi. Gistologiya hujayralarni, fiziologiya organizmlarning vazifasini, molekulyar biologiya va biokimyo esa hujayralarning vazifasini tadqiq qiladi.
Biologiyaning asosiy vazifasi tirik tabiatning barcha hodisalarini, butun organizmning xossalari uning tarkibiy qismlari xossalaridan farq qilishini inobatga olgan holda, tushuntirib berishdir.
Biologlar, barcha ma’lum bir hujayrali va ko‘p hujayrali organizmlarni ikkiga: prokariotlar va eukariotlarga bo‘lib o‘rganish lozim, degan xulosaga kelishdi. Prokariotlar hujayralarining aniq bir shakllangan yadrosi yo‘q. DNK (irsiy axborot tashigich) ularning tsitoplazmasida joylashgan. Prokariotlarga bakteriyalar va ko‘k-yashil suv o‘tlari misol bo‘ladi.
Prokariotlardan farqli o‘laroq, eukariotlar hujayralarining ma’lum bir shakllangan yadrosi bor va ulardagi DNK yadro qobig‘i bilan o‘ralgan. Olimlarning fikricha, eukariotlar prokariotlardan kelib chiqqan. Ularga zamburug‘lar, o‘simliklar va hayvonlarni misol kilib keltirish mumkin.
Viruslar tirik organizmlarning ikkala guruhga ham kirmaydigan alohida turidir.
Ammo bugungi kunda biolog-izquvarlar betartib dalillarni to‘plash bilangina chegaralanib qolishayotgani yo‘q. Ular o‘sha dalillar o‘rtasidagi bog‘liqlik va aloqalar bor-yo‘qligini aniqlashga ham intilmoqda. Masalan, ularni inson bilan uni qurshab turgan millionlab tirik mavjudotlar o‘rtasidagi aloqalarni aniqlash qiziqtiradi. Ular bu tirik mavjudotlar inson taraqqiyotiga nechog‘li ta’sir etishini ham bilishni istaydilar.
Biologlarni, umuman, Yerda qanday qilib ilk marta hayot paydo bo‘lgani va u qanday shaklga ega bo‘lgani to‘g‘risidagi eng buyuk sirdan voqif bo‘lish qiziqtiradi. Shuning uchun ular hayot uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni o‘rganishadi. Xuddi qidiruv byurosi ma’lumotlarni arxivga yiqqaniday, biologlar ham sayyoramizda mavjud barcha organizmlarni sinflarga bo‘lib chiqish — tasniflashga harakat qilishadi.
O‘z savollariga javob topish uchun, biologlar tabiatga murojaat qilishadi va jumboqlarga javob izlab, okeanlarning muzday suvi qa’riga tushishadi, eng yuksak tog‘ cho‘qqilariga chiqishadi. Ular inson qadami yetmagan changalzorlarga yo‘l ochishadi, soatlab mikroskoplarga tikilishadi. Ba’zida esa hayot sirlarini anglash uchun g‘alati tajribalar qilishadi. Biologiya — o‘ta murakkab fan.