Banklar qachon paydo bo‘lgan?

Bugungi kunda banklar bizga shu qadar ko‘p xizmat turlarini ko‘rsatishadiki, ba’zan hatto ularning asosiy vazifasi atigi 2 ta ekanligini ham unutib qo‘yamiz. Birinchidan, bank kishilardan omonatlarini qabul qiladi va ularni o‘zida saqlaydi, ikkinchidan, olgan qarzi hisobiga foiz to‘loviga rozi bo‘lgan kishilarga pul qarz beradi.

Bank ishlari doim pulga aloqador bo‘lganligi uchun tarixda odamlar bu muassasani yoqtirmagan paytlar ham bo‘lgan. Pulga o‘ta qiziquvchanlik xususiyati axloqsizlik hisoblanib, hatto shunday mamlakatlar ham bo‘lganki, ular o‘z fuqarolarining banklar bilan har qanday muomalasini ham taqiqlagan.

Biroq, shunday bo‘lsada bank ishi xuddi tarixning o‘zi kabi ko‘hna va qadimiydir. Qadimgi Bobilda, Misrda va Yunonistonda ham banklar bo‘lgan. Odatda ibodatxonalarda ham odamlar pullarini olib borib saqlab qo‘yganlar. Eramizdan avvalgi 210 yilda Rimda alohida farmon bilan pul almashtirib beruvchi — sarroflar uchun maxsus joy ajratilgan.

Bank» so‘zining o‘zi esa Italiyada paydo bo‘lgan. O‘rta asrlarda sarroflar shahar ko‘chalaridagi do‘konlarda o‘tirishgan. Italyan tilida «banko» so‘zi «o‘rindiq» degan ma’noni beradi, «bank» so‘zi ana shundan kelib chiqqandir.

Hozirgi bank tizimi ilk bor Venetsiyada 1583 yilda, «Banko di Rialto» tashkil etilgach paydo bo‘ldi. Mazkur bank mijozlardan omonatlarini olar va muayyan summaga chek olishga ruxsat berardi. 1619 yilda «Banko del Djiro» bu bankni ham egallab oldi va mijozlardan omonatlarini oltin va kumushda olganligi haqida tilxat bera boshladi. Bu tilxatlar pul o‘rnida ishlatila boshladi. 1609 yilda tashkil topgan «Amsterdam Banki» keyinchalik «bank pullari» deb nom olgan tilxatlarni bera boshladi.

1694 yilga qadar Angliyada Angliya banki tashkil qilinguncha bankirlar o‘rnini zargarlar bosishgan. Angliya Banki to 1825 yilgacha bu mamlakatdagi yagona bank hisoblangan. Amerikadagi birinchi bank «Shimoliy Amerika banki» hisoblanib, u 1782  yilda Kongress tomonidan tashkil etilgan.