Asalari-malika nima uchun «malika» bo‘ladi?

«Malika» namoyon bo‘lishi uchun asalari ko‘chi kerak. Afsuski, asalarilarning hammasi ham ko‘ch bo‘lib yashamaydi. Asalari-so‘qqaboshlarning har xil turi bor. Ular orasida asalarilarning ikki turi — nari va tuxum qo‘yadigan modasi mavjud.

Ko‘ch yoki oila bo‘lib yashaydigan asalarilar orasida «ishchi asalarilar» deyiladigan uchinchi bir turi bor. Tuxum qo‘ymaydigan urg‘ochilari ishchi asalarilardir. Shunday qilib, asalarilar oilasida ishchilari, erkaklari va bitta tuxum qo‘yadigan urg‘ochisi, butun oilaning onasi bo‘ladi. U ona yoki malika asalari deyiladi.

U vaqtini o‘zgacha tarzda o‘tkazadi. Malika qishni qumloq joydan yoki yetarlicha sharoit bo‘lgan boshqa yerda o‘ygan uyasida o‘tkazadi. U qishni o‘tkazadigan oiladagi yakkayu yagona asalaridir. Ko‘klamda u yangi oila yaratishga kirishadi.

Malika avvaliga qarorgoh qidiradi, qarorgoh — tashlandiq sichqon uyasi ham bo‘lishi mumkin. So‘ng u uyadagi yumshoq narsalarni bir joyga to‘dalab, uning tagidan keyinchalik pitomnik vazifasini o‘taydigan chuqurcha kavlaydi. Shundan keyin u gullar atrofini aylanib uchadi, ulardan gulchang va nektar yig‘ib, ovqatini (nektar va gulchang aralashmasi) guvalalab, tayyorlab qo‘ygan quruq chuqurchaga joylaydi. U bu guvalaga bir nechta tuxum qo‘yib, uni mumlaydi va tanasi bilan sovuq havodan asrash maqsadida ustiga chiqib o‘tiradi.

Yonidan uya — katta mumkatak yasab, tuxumlaridan birontasi ochib chiqqungacha yetadigan miqdorda asal bilan to‘ldiradi. Naslining birinchi avlodi yetilib, temirqanot bo‘lishi bilan onalarining joniga ora kiradi. Ular mumkatak yasaydilar, uni ob-havo buzilgan kunlari yeyish uchun asal bilan to‘ldiradilar.

Mavsum boshlanishi bilan ishchi asalarilar dunyoga keladi. Yoz oxirlariga borib, oilada yosh onalar, erkaklari paydo bo‘ladi. Kuzga kelib oila ajraladi. Malikaning (yoki onaning) yoz bo‘yi qilgan ishi faqat tuxum qo‘yishdan iborat buldi!

Asalari onasi tuxumni qo‘yishga qo‘yadi-yu, lekin ularga g‘amxo‘rlik qila olmaydi. U bir kunda 1500 ta, bir mavsumda taxminan 250 000 ta tuxum qo‘ya oladi! U otalangan urug‘larini ajratib qo‘yadi va oilaning ehtiyojiga qarab, ulardan ishchi yoki urg‘ochi asalarilar paydo bo‘ladi. Otalanmagan urug‘laridan erkak asalarilar paydo bo‘ladi.

Yosh onalar maxsus uyalarda voyaga yetadi. Ular tashqariga chiqishlaridan oldin ona va taxminan ishchi asalarilarning yarmi yangi oila yaratishlari uchun ajraladilar. Tashqariga birinchi bo‘lib chiqqan yosh ona o‘z opa-singillarini uyalaridayoq o‘ldiradi va yangi ona-malika bo‘lib oladi!