Aleksandr Granika yonida zafar quchgach, Kichik Osiyoning g‘arbiga qarab yurishni davom ettirdi hamda Milet singari shaharlar qarshiligini sindirib, ularni egallaydi. U Iss (Suriyaning shimolida) ustiga yurishdan ilgari Onado‘lida qishlaydi. Shu yerda u forslarning katta armiyasini tor-mor keltiradi. Tir shahrini ko‘p oy qamal qilgach, Aleksandr uni egallaydi hamda janubga, Misr tomon yurishni davom ettiradi.
Misrliklar avvalgi shafqatsiz fors hukmdorlaridan xalos bo‘lishni orzu qilgan holda, Aleksandrning qadamini muborakbod etadilar. So‘ng u Shimol va Sharqqa yurish qilib, Shimoliy Mesopotamiyada Gavgamela yonida o‘zining eng yirik g‘alabasini qo‘lga kiritadi. Daryovush Baqtriyaga qochib boradi va u yerda mahalliy aslzodalar tomonidan o‘ldiriladi.
Fors va Misr endi Aleksandr qo‘l ostida edi. Shunday bo‘lsada, unda jang qilish istagi kuchli edi. Biroq qo‘shinlar Shimoliy Eronning eng olis viloyatlariga yetgach, haddan tashqari holdan toygandi. Oqibatda Shimoliy Hindistonda qo‘shinlar olg‘a yurishni davom ettirishdan bosh tortadi.
Fors imperiyasining hukmdori bo‘lib qolgan Aleksandr endi yunonlar, forslar va makedoniyaliklarni birlashtirish harakatiga tushadi. U Baqtriya amaldorining qizi Roksana (Ravshanak)ka uylanadi, askarlarning ham fors ayollariga uylanishiga ko‘ndirishga harakat qiladi. Vaqti kelib u forsiy libos kiyib, o‘zini Sharq hukmdorlaridek tuta boshlaydi. Buni esa yunon va makedoniyalik jangchilar ma’qullashmaydi.
Aleksandr Arabistonga yurish boshlashni ko‘ngliga tugib qo‘yadi-yu, biroq eramizdan avvalgi 323-yilda Bobilda vafot etadi. Vafotidan so‘ng tug‘ilgan o‘g‘lini esa shuhratparast sarkardalari nobud qilishadi. Uning sobiq lashkarboshilari, oralaridan birontasiga haddan tashqari ko‘p hokimiyat tegib qolishdan qo‘rqib, Aleksandr imperiyasini o‘zaro taqsimlab oladilar. Bu odamlarni diadoxalar (aynan — vorislar) deyishardi. Ular hokimiyat talashib, bir-biri bilan kurash olib borganliklari uchun Yunoniston va Yaqin Sharqda urush olovi uzoq yillar tinmadi.