Jizzax viloyati Zomin tumanida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Yoshlar va ekoturizm” forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda respublikamizda faoliyat olib borayotgan o‘rmon va ov xo‘jaliklarida mehnat qilatgan yoshlar, ekofaollar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimi boshlanishidan oldin Zomin bolalar oromgohidan Jizzax shahri tomon yo‘nalayotgan Mo‘ynoq velomarafoni qatnashchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Nizomiddin Bakirov forum ochilishida yoshlarga murojaat qilib, ekoturizmni rivojlantirish, o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yerlarini imtiyozli ijaraga olish, tez o‘suvchi daraxtlar (pavlovniya, terak), yong‘oq mevali bog‘lar (pista, bodom, yong‘oq), dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etib, daromad qilish haqida maslahat berdi.
Shu kuni Zomin milliy tabiat bog‘i hududidagi yarim gektar hududda Yangi Zomin yoshlar bog‘i tashkil etildi. Tog‘ yon bag‘rida joylashgan ushbu bog‘ga jami 50 tup qarag‘ay, chinor va kashtan daraxtlari ekildi.
Forum doirasida o‘rmon mahsulotlari ko‘rgazmasi hamda milliy tabiat bog‘lari va ov xo‘jaliklari boshqarmasi tizim tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqboldagi loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Yoshlar o‘rtasida shaxmat, shashka, mini futbol, stol tennisi va voleybol musobaqalari o‘tkazildi.
Forumning ikkinchi kunida tadbir ishtirokchilari va jurnalistlar uchun Zomin milliy tabiat bog‘iga press tur tashkil etildi. Supa, Sherbuloq, Boboyong‘oq, Sanatoriya, Sharshara, O‘riklisoy, Boboyong‘oq ekoturistik marshrutlariga sayr uyushtirildi.