Ziyouz portali Istanbulda «Turk dunyosi yosh yozuvchilari uchrashuvi»da ishtirok etdi

14-18 avgust kunlari Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda Yevroosiyo Yozuvchilar uyushmasi tashkil etgan «Turk dunyosi yosh yozuvchilari uchrashuvi»da Ziyouz ma’rifiy portali ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kipr, Kosova, Makedoniya, Iroq, Eron kabi davlatlar hamda Oltoy, Boshqirdiston, Tatariston, Chuvashiston, Gagauziya, Xakasiya, Qorachoy-Cherkesiya, Qrim, Dog‘iston kabi o‘lkalaridan jami 58 nafar yosh yozuvchi va shoirlar, mutaxassislar qatnashgan ushbu uchrashuvda turkiy dunyo yosh yozuvchilari bir-birlari bilan tanishib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbirni Yevroosiyo Yozuvchilar uyushmasi raisi Yoqub Umaro‘g‘li ochib, uchrashuv dasturi bilan tanishtirdi. Turkiya Respublikasining eski Madaniyat va turizm vaziri, professor, doktor Nabi Ovchi ishtirokchilarni tabrikladi.

Tadbirda turk dunyosining usta shoir va yozuvchilaridan Ali Oqbosh (Turkiya, 2012 yil turk dunyosida yilning adabiyot kishisi), Anor (Ozarbayjon, 2013 yil turk dunyosida yilning adabiyot kishisi), To‘len Abdik (Qozog‘iston, 2014 yil turk dunyosida yilning adabiyot kishisi), Ismoil Bo‘zqurt (Kipr, 2015 yil turk dunyosida yilning adabiyot kishisi), Usmon Chevikso‘y (Turkiya) ishtirok etib, yosh ijodkorlarga mahorat darslari o‘tdilar. Doktor Ramazon Qo‘rqmas (Turkiya), doktor Mustafo Kurt (Turkiya), doktor Komil Oqarsuv (Turkiya), doktor Husayn O‘zbay (Turkiya), doktor Taner Guchluturk (Kosova) ma’ruza bilan qatnashishdi.

«Turk dunyosi yosh yozuvchilari uchrashuvi» ochilish marosimida nutq so‘zlagan Ziyouz.com muharriri Davronbek Tojialiyev portal haqida ma’lumot berib, barcha ijodkorlarni hamkorlikka chaqirdi.