Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi nishonlanadi

Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanadi. Bu borada O‘zbekiston Prezidentining qaror qabul qilindi.

Ushbu hujjatda yubiley doirasida mamlakatimizdagi Bobur nomi bilan bog‘liq obida va qadamjolarni ta’mirlash, shoir merosiga mansub qo‘lyozma, qadimiy kitoblar, san’at asarlari va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish, ularni ishonchli darajada saqlash uchun zarur sharoit yaratish, xorijda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish hamda tadqiq qilish vazifalari belgilangan.

Qayd etilishicha, o‘zbek, rus va ingliz tillarida “Bobur entsiklopediyasi”ning to‘ldirilgan uchinchi nashri yaratiladi, “Bobur” kitob-albomi, Bobur asarlari lug‘ati, shoir devonining mukammal nashri chop etiladi. “Boburnoma” asarining zamonaviy o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tabdili yaratiladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530) qoldirgan bebaho ilmiy-ijodiy meros nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.