Yurtimizda islom olamiga oid qimmatli manbalar jamlangan muzey tashkil etiladi

Tez orada Toshkentda O‘zbekistondagi islom tsivilizatsiyasi markazi ishga tushadi. Bu haqda Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

O‘zA xabariga ko‘ra, Toshkent shahrining “Hazrati Imom” majmuasi (Hastimom) yonida qad rostlayotgan markaz 9 gektar maydonni egallamoqda. Uning tarkibida yurtimizdagi islom olamiga oid qimmatli manbalarni jamlagan muzey ham tashkil etiladi. Xususan, mashhur “Katta Langar Qur’oni” va dunyo tsivilizatsiyasi tarixidagi eng nodir manba hisoblangan “Usmon Mushafi” ham muzeydan o‘rin oladi.

Markaz rahbari Shoazim Minovarovga ko‘ra, muzey qurilishi 2022 yilning to‘rtinchi choragida yakunlanadi.

Ma’lum qilinishicha, qurilish davomida 20 ta turli darajadagi tashriflar amalga oshirilib, xorijiy delegatsiyalar, shuningdek, YuNESKO, AYSESKO, IRSIKA kabi xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bevosita qurilish maydonida uchrashuvlar o‘tkazilgan, binoning loyihasi, ichki va tashqi dizayni, muzey ekspozitsiyalari mazmuni bo‘yicha takliflar olingan.