Yuriy Shterk: “Asl kino xalqlarni hammaslakka aylantiradi”

22 may kuni Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda Yevropa kinosi festivali boshlandi. Mazkur madaniy tadbir uchinchi bor Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan “O‘zbekkino” milliy agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Kinofestivalni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Yuriy Shterk ochib berdi.

– Asl kino turli xalqlarning tili, madaniyati, an’analari va hayot tarzini namoyish etib, ularni o‘zaro hammaslak, hamfikr insonlarga aylantiradi. Yevropa kinosi festivali ham ayni shu ezgu maqsadga xizmat qiladi. O‘zbekiston madaniy hayotidan mustahkam o‘rin egallab ulgurgan ushbu festival Yevropa xalqlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashiga ishonchimiz komil, – dedi elchi Yuriy Shterk.

Evropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari, shu bilan birga, festivalga taqdim etilgan filmlar turli mamlakatlarda, turli tillarda suratga olingan bo‘lsa-da, ularning barchasida umumevropa qadriyatlarini tarannum etilgani, yevropaliklarning orzu-umidlari aks etganini ta’kidladi.

Ochilish marosimida so‘z olgan “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Ahmadjon Umarov, Latviyaning O‘zbekistondagi elchisi Edgars Bondars ham kinofestival xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

Festivalning ilk kuni Latviya kinoijodkorlari suratga olgan “Sizni yaxshi ko‘raman, oyi” kartinasi namoyish etildi. Mazkur kartina 15 ta xalqaro mukofot, jumladan, Berlin, Los-Anjeles kinofestivallari, shuningdek, Yevropa bolalar filmlari uyushmasi sovriniga sazovor bo‘lgan. Kinoasarda rigalik Raymond ismli o‘smirning quvonchu tashvishlarga to‘la hayoti tasvirlangan. Qiziqarli fabula, ta’sirchan epizodlarga boy filmda bosh qahramon rost va yolg‘on, do‘stlik va xiyonat, to‘g‘rilik va egrilik kabi qaltis tanlovlarga ro‘baro‘ keladi.

22–31 may kunlari Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda davom etadigan festival davomida Yevropaning 15 mamlakati kinematografchilari ishlagan 18 ta kartina namoyish etiladi. Turli yosh va dunyoqarashdagi tomoshabinlarning qiziqishlari inobatga olingan holda, festival uchun drama, komediya, tragikomediya, hujjatli film kabi turli janrdagi kartinalar saralangan.

Bu yil kinofestival jug‘rofiyasi birmuncha kengaygan. Masalan, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan Shveytsariya ham mazkur festivalda “Kasablanka” operatsiyasi” filmi bilan qatnashmoqda.

Festival dasturidan o‘rin olgan filmlar orasida “Oskar”, “Oltin globus” kabi atoqli mukofotlarga munosib ko‘rilgan, Kann, Berlin, Rim kabi nufuzli festivallar hay’ati yuksak baholagan kinoasarlar bor. Masalan, Daniya kinematografchilari 2010 yilda suratga olgan “Qasos” (Haevnen) kartinasi “Oskar”, “Oltin globus” hamda Yevropa kinoakademiyasi sovrinlarini qo‘lga kiritgan (Darvoqe, mazkur film 29 may kuni 19:00 da namoyish etiladi).

Evropa Ittifoqi ko‘hna qit’aning 28 davlatida yashovchi 500 milliondan ziyod aholini yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan. O‘zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi munosabatlari 1996 yil aprelda imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, 2007 yilda qabul qilingan YeIning Markaziy Osiyodagi strategiyasi kabi hujjatlar asosida rivojlanmoqda. O‘zaro hamkorlikning kengayishi ifodasi sifatida Toshkentda 2012 yilda YeI delegatsiyasi ish boshlagan.

Sobir Salim