Yaqin Sharq: tinchlik yo‘li naqadar uzoq

Yarim asrdan ziyodroq vaqt davomida Isroil —Falastin muammosi o‘nlab xalqaro anjumanlarda muhokama qilindi, bunga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar tashkil etildi. Sayyoramizning eng olovli nuqtasi bo‘lib qolgan hududda tinchlik o‘rnatish uchun dunyo siyosatining nomi chiqqan arboblari, kazo-kazo amaldorlari harakat qilib ko‘rishdi. Lekin barcha urinishlar besamar bo‘lib chiqaverdi. Dunyo ahli Falastin-Isroil mojarosiga ko‘nikib qolgan va ko‘pda e’tibor qaratmay qo‘ygan bir davrda Amerikaning Annapolis shahrida o‘tgan hafta ushbu muammoga bag‘ishlangan xalqaro anjuman tashkil etildi.

To‘g‘ri, xalqaro mashvaratda mustaqil Falastin davlatining chegarasi, qochoqlar taqdiri, Quddus shahrining maqomi kabi muhim masalalarga to‘la aniqlik kiritilmadi. Lekin baribir qirqdan oshiq davlat vakillari ishtirokida uyushtirilgan sammit tinchlik orzusida yashayotgan hudud aholisi ko‘nglida umid chirog‘ini yoqqanday bo‘ldi.

Annapolis anjumanining muhim muvaffaqiyatlaridan biri shundaki, ko‘pdan buyon yuz ko‘rmas bo‘lib yurgan Falastin va Isroil rahbarlari yana bir marotaba tinchlik masalasida o‘zaro fikrlashish imkoniga ega bo‘lishdi. Shu bois, bir-biriga dushmanchilik kayfiyatida yurgan tomonlarning diplomatiya yuzasidan bo‘lsada muloqotga kirishgani e’tiborga loyiq hodisa o‘laroq qabul qilindi.

Sammit yakunida Falastin rahbari Mahmud Abbos hamda Isroil bosh vaziri Exud Olmert tomonidan berilgan qo‘shma bayonotda hududda tinchlikni o‘rnatish yo‘lidagi harakat yana qayta boshlangani e’lon qilindi. Kelishuvga ko‘ra, ikki tomondan ham maxsus muzokara guruhlari tuziladi. Guruhlar har oyda ikki marotaba mavjud ziddiyat va kelishmovchiliklarni hal etish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazadi. Anjuman doirasida qabul qilingan o‘ziga xos sulh bitimida tomonlar tinchlik bo‘yicha amaliy tadbirlarni 2008 yilning so‘nggigacha tugatishi belgilangan.

Isroilning davlat sifatida mavjud bo‘lishiga keskin qarshilik ko‘rsatib kelayotgan Suriya hukumati hamda qo‘shni Saudiya Arabistoni podshohligi ham bu galgi sammitda o‘z vakili bilan ishtirok etdi. Mintaqada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ikki mamlakatning tinchlik muzokaralariga qo‘shilishi ushbu uchrashuvning ijobiy samaralaridan biri deyish mumkin.

Darvoqe, Annapolis yig‘inida mintaqa davlatlaridan Eron ishtirok etmagan. Rasmiy Tehron hozirga qadar yahudiy davlati masalasida murosasizlik pozitsiyasi bilan tilga tushgan. Ushbu siyosatga sodiq qolgan prezident Mahmud Ahmajinajod Isroil-Falastin muammosiga bag‘ishlangan anjuman hech qanday amaliy samara bermasligini ta’kidlagan.

Uchrashuv chog‘ida allaqachon unutilib ketayozgan yo‘l xaritasi rejasi ham esga olindi. Arab-Isroil ixtilofini bartaraf etishga qaratilgan rejani amalga oshirish uchun nazorat guruhi tuzish zarurligi ta’kidlandi. Yo‘l xaritasi rejasi 2003 yili Yaqin Sharq muammosini hal etish bo‘yicha to‘rtlik – Rossiya, AQSh, Yevropa Ittifoqi hamda BMT tomonidan ishlab chiqilgan edi. Ushbu rejada Falastin va Isroil tomoni murosa va kelishuv asosida ziddiyatlarni bosqichma-bosqich bartaraf etishi ko‘zda tutilgan. Lekin shu paytga qadar qabul qilinib, ijrosiz qolgan hujjatlar kabi ushbu reja ham amalga oshmadi. Yo‘l xaritasi rejasiga ko‘ra 2005 yilga qadar barcha ziddiyatlar hal etilib, Falastin davlati tashkil topmog‘i kerak edi…

2000 yili yana o‘sha Kemp-Devid qarorgohida Falastin-Isroil rahbarlari (Yosir Arafot va Yoxud Barak) o‘zaro til topishishga urinib ko‘rishdi. Tomonlar ma’lum kelishuvga erishganday bo‘lib turgan bir paytda qurolli to‘qnashuvlarning avj olishi barcha muzokaralarni puchga chiqardi. Bu orada Isroil hukumat tepasiga kelgan Ariyel Sharon xalqaro hamjamiyatning qarshiligiga ham qaramasdan Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘ida 640 km.lik mudofaa devori qurishga kirishdi. Shu tariqa Isroil-Falastin munosabatlari yana boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Har ikki tomon rahbarlarining achchiqni achchiq kesar qabilida yuritgan siyosati oqibatida tinchlik yo‘lidagi barcha bitim va shartnomalar ham bekor bo‘ldi.

Ochig‘ini aytganda, o‘tgan hafta qabul qilingan bayonotlar hali muammoning yechilganidan dalolat bermaydi. Bir tomondan, bitimlarni bugun qabul qilib, ertaga buzishga odatlangan davlat bu gal ham eski siyosatini davom ettirmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Ikkinchi tomondan, Falastin tomoni ham muzokaralarda tilga olingan shartlarni to‘la bajara olmasligi mumkin. Nega deganda, ayni paytda mo‘jazgina Falastin hududida qo‘shhokimiyatchilik hukm suryapti. Falastin rahbari deb yuritilayotgan Mahmud Abbos faqatgina Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘ini idora etyapti. Falastinning asosiy hududi G‘azo sektori esa muxtoriyat hududidagi yana bir yetakchi siyosiy guruh XAMAS nazoratida. Bugun G‘azo o‘zining alohida hukumati, armiyasi va boshqaruv idoralariga ega. Annapolisdagi yig‘inda ishtirok etmagan XAMAS tashkiloti rahbari Ismoil Xoniya avval-boshdanoq u yerda qabul qilingan qarorlarni tan olmasligini bildirgan. Falastinning o‘zida parokandalik va guruhbozlik hukm surayotgan sharoitda esa ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish amri mahol.

Sobirjon Yoqubov
«Hurriyat»dan olindi.