Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida muhim hujjat imzolandi

29 avgust kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama tomonidan “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasi bo‘yicha almashuv notasi imzolandi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu bilan birga, Jamshid Xo‘jayev hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vitse-prezidenti Keyitiro Nakazava tomonidan ushbu loyiha bo‘yicha kredit bitimi imzolandi.

15 yil muddatga (5 yil imtiyozli muddat) ajratilayotgan 200 mln dollar mablag‘ fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarining moliyaviy barqarorligini oshirishga xizmat qiladi. Pirovardida, loyiha O‘zbekistonda raqobatbardosh meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi.

Ma’lumotlarga qaraganda,  birinchi bosqich doirasida O‘zbekistonda 300 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilgan va 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Umuman, JICA ko‘magida hozirgi kunda mamlakatimizda 4,7 milliard dollarli 13 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bu yil O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Qayd etilishicha, Yaponiya tomoni kelgusida ham ko‘mak dasturlarini davom ettiradi.