YuNESKO, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati Xivadagi tarixiy Bog‘bonli masjidini ta’mirlash ishlarini yakunladi. Loyiha YeI tomonidan moliyalashtirilgan YuNESKOning “Afg‘oniston, Markaziy Osiyo va Erondagi Ipak yo‘li merosi yo‘laklari – Yevropa madaniy meros yilining xalqaro o‘lchovi” tashabbusi doirasida amalga oshirildi.
EIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyihadan ko‘zlangan maqsad mahalliy hamkorlar va xalqaro ekspertlar ko‘magida masjidning tarixiy elementlarini saqlab qolgan holda binoni mustahkamlash edi.
“Evropa Ittifoqi umumiy merosimiz va o‘ziga xosligimizning muhim qismi bo‘lmish madaniy merosni asrab-avaylash, shu bilan birgalikda mas’uliyatli va barqaror turizm amaliyotini rag‘batlantirishga sodiq qoladi. O‘zbekistonda biz mahalliy hamjamiyat va hokimiyat vakillari bilan mamlakat boy madaniy merosini kelajak avlodlar uchun saqlab qolish borasidagi hamkorligimizni davom ettirishga tayyormiz”, – dedi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim.
YuNESKOning O‘zbekistondagi vakili Sara Noshadiga ko‘ra, ushbu xalqaro tuzilma ham O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy xilma-xilligidan dalolat beruvchi Xiva madaniy merosini asrab-avaylash tarafdoridir.
Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xivaning Ichanqal’a shahrida joylashgan Bog‘bonli masjidi XIX asrda qurilgan bo‘lib, ichki hovli va ikki kichik xonadan iborat. Masjid o‘zining XIV asrga oid ikkita yog‘och ustuni, naqshlar bilan bezatilgan tom qismi, shuningdek, mahalliy hunarmandlarning benazir mahoratini o‘zida aks ettirgan murakkab yozuvlardan tashkil topgan ayvoni bilan ajralib turadi.
Mavzuga doir maqolalar:
Surxondaryoda Yevropa Ittifoqi ko‘magida 1,6 million yevrolik dastur ishga tushirildi. 09.09.2022
Sharlotta Adrian: “Evropa Ittifoqi bu yo‘lni O‘zbekiston bilan birga bosib o‘tdi”. 01.09.2022