12 fevral kuni “Turkiston” saroyida Xitoy yangi yili – Bahor bayramiga bag‘ishlangan kontsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning ochilish marosimida so‘zlagan Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze mehmonlarni sharqona yangi yil bilan tabrikladi. Xitoy taqvimiga ko‘ra, bu gal yangi yil 8 fevral sanasiga to‘g‘ri keldi.
Diplomat o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikka yuqori baho berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan 2015 yil Xitoy va O‘zbekiston uchun muhim hodisalarga boy bo‘ldi. Xitoyda yapon istilochilariga qarshi hamda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligi tantanali nishonlandi. Xitoy yuani Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan maxsus to‘lov valyutalari ro‘yxatiga kiritildi. Shuningdek, Xitoy olimi ilk bor Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonda esa muhim siyosiy voqea – Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida Toshkentda bir qator tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
“O‘tgan yili XXR Raisi Si Szinpin hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ikki bora uchrashdi, bir marta telefon orqali muloqotda bo‘ldi. Shuningdek, hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaning uchinchi majlisi va biznes forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Buyuk ipak yo‘lining iqtisodiy belbog‘ini yaratish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlar jadal sur’atda amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo, partiyalararo aloqalar hamda madaniyat va ta’lim jabhasidagi hamkorlik yanada faollashdi”, – dedi elchi Sun Litsze.
Diplomat yangi yilda ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida barcha choralar ko‘rilishiga ishonch bildirdi.
Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududidan kelgan Ashula va raqs ansambli ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. Xitoy, uyg‘ur, o‘zbek singari o‘ndan oshiq millat vakillaridan iborat mazkur ansamblga 1949 yilda asos solingan. Ijodiy jamoa dunyoning 90 dan oshiq davlatida Chin davlatining kamalakdek serjilo san’atini namoyish etgan.
Sobir Salim