O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari birgalikda kechgan boy tarix va xalqlarni bog‘lab turgan mustahkam rishtalarga tayanadi. Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev 10 fevral – Diplomatik xodimlar kuni munosabati bilan yozgan maqolada ayni shu jihatlar xususida so‘z boradi.
Elchiga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining qalbi – bu ikki mamlakat xalqidir. Ularning ikkisi ham ma’naviy va madaniy aloqalarga yuksak baho beradi. Ushbu munosabatlar ko‘p yillik o‘zaro hurmat, do‘stlik va bir-biriga yordam berish tamoyillari asosiga qurilgan.
“Ikkala xalq ham zamonaviy dunyo tuzilishi borasida har bir xalqning hech qanday “maslahatsiz”, o‘z taqdirini o‘zi belgilash printsipini tan oladi. Aynan shu bois ham Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining istiqboli porloq”, – deydi Vladimir Tyurdenev.
Qayd etilishicha, Rossiya tashqi siyosati har bir mamlakat bilan – u istagan darajada – to‘laqonli do‘stona muloqot olib borishga qaratilgan.
10 fevral sanasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 2002 yil 31 oktyabrdagi farmoniga ko‘ra, Diplomatik xodimlar kuni sifatida bayram qilinadi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1549 yil 10 fevralda Rus davlatida diplomatik xizmat poydevori qo‘yilgan. O‘shanda Rus podshosi Ivan Groznыy Ivan Viskovatovni elchilik vazifasiga tayinlagan. Shu tariqa Rossiya davlatida diplomatik faoliyat shakllana borgan. 1634 yili Shvetsiyada, 1673 yili Polshada diplomatik vakolatxonalar ochilgan. 1802 yilda esa imperator Aleksandr I Tashqi ishlar vazirligiga asos solgan.
Zamonaviy Rossiya davlati 190 dan oshiq davlat bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan, jahon bo‘ylab 140 dan ziyod diplomatik vakolatxona ochilgan. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tizimida 10 mingdan ziyod xodim faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston diplomatik munosabatlar o‘rnatganining 25 yilligi nishonlanadi.
1992 yil 20 martida ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan edi. O‘tgan chorak asr davomida strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillariga asoslangan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Aytish kerakki, ikki davlat hamkorliginng mustahkam huquqiy asosi yaratilgan. Jumladan, 1992 yil 30 mayda “Davlatlararo munosabatlarning asoslari, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida”, 2004 yil 16 iyunda “Strategik sherikchilik to‘g‘risida”, 2005 yil 14 noyabrda esa “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida” shartnomalar imzolangan. Shuningdek, 2012 yil 4 iyunda imzolangan “Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida”gi deklaratsiya o‘zaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirdi.
Sobir Salim