Dunyo hamjamiyati terrorizmga qarshi kurash borasida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmog‘i lozim. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Argumentы i faktы” gazetasining joriy yil 19 noyabr kungi sonida chop etilgan intervyuda ma’lum qildi.
“Terrorizm va qo‘poruvchi tashkilotlarga qarshi kurashda eng avvalo kuchlarni birlashtirish va o‘zaro kelishuv asosida chora-tadbirlar ko‘rish lozim”, – dedi Rossiya yetakchisi o‘z intervyusida.
V.Putin avvalroq – BMT Bosh Assambleyasining joriy yil 28 sentyabrda o‘tgan 70-sessiyasida ham bu borada xalqaro koalitsiya tuzish taklifini ilgari surgan edi.
“Biz oldimizda turgan yangi muammolarni hal etishda ambitsiyalarga emas, balki umumiy qadriyatlar va mushtarak manfaatlarga quloq tutib, xalqaro huquqqa tayanib, terrorga qarshi chinakam xalqaro koalitsiya tuzish va kuchlarni birlashtirishni taklif etamiz. Xuddi Gitlerga qarshi tuzilgan koalitsiya kabi u ham natsistlardek yovuzlik va odamkushlik urug‘ini sochayotgan kimsalarga dadil zarba beruvchi turli kuchlarni bir safga birlashtira oladi”, – degan edi Rossiya yetakchisi.
Rossiya rahbari bu jarayonda Birlashgan Millatlar Tashkiloti hal qiluvchi o‘rin tutishi lozimligi ta’kidlagan edi.
O‘z navbatida, BMT rahbariyati terrorizmga qarshi kurashda Rossiyaning ishtiroki muhimligini uqtirmoqda. TASS axborot agentligi xabariga ko‘ra, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Sharqiy Osiyo sammiti doirasida 22 noyabr kuni Rossiya hukumati raisi Dmitriy Medvedev bilan uchrashgan. BMT yetakchisi hozirgi tahlikali pallada yovuzlikka qarshi birgalikda kurashish lozimligi, dolzarb muammoni hal etishda rasmiy Moskvaning roli muhim ekanini ta’kidlagan.
“Biz bir yoqadan chiqarishimiz kerak, insoniyat g‘animi – “Islom davlati” va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi munosib kurashish lozim. Bu borada Rossiya yetakchi rol o‘ynashiga ishonaman”, – degan BMT Bosh kotibi.
Xalqaro tashkilot peshvosi, shuningdek, 2016 yil boshida BMTning zo‘ravonlik va qo‘poruvchilikka qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi taqdim etilishini ma’lum qilgan.
Terrorchi tuzilmalar dunyo xalqlari tinchligi va barqarorligiga tahdid solmoqda. Xususan, Rossiya xalqi ham yaqindagina katta fojiani boshdan kechirdi. Joriy yil 31 oktyabr kuni Misrning Sharm ash-Shayx shahridan Sankt-Peterburgga uchgan A321 samolyoti Sinay yarimoroli osmonida halokatga uchradi. Fojia chog‘i uchoqdagi 217 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi nobud bo‘ldi. Ikki haftalik surishtiruv-tergov jarayonidan keyin Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov Rossiya aviakompaniyasiga qarashli samolyot terrorchilik harakati oqibatida portlaganini ma’lum qildi. A321 samolyoti halokati terrorchilik xuruji ekani ayon bo‘lgach, Rossiya Prezidenti V.Putin Mudofaa vazirligiga Suriyadagi terrorchilarga qarshi jangovar operatsiyani yanada kuchaytirish borasida topshiriq berdi.
“Jangovar aviatsiyamizning Suriyadagi faoliyati davom etibgina qolmay, yanada kuchaytirilishi kerak. Toki jinoyatchilar qasosdan qochib qutulib bo‘lmasligini tushunib yetsin”, – dedi Rossiya rahbari.
Gap shundaki, joriy yil 30 sentyabrdan Rossiya harbiy havo kuchlari “Islom davlati”ning Suriyadagi jangovar ob’ektlariga zarba bera boshladi. Rossiya rahbariyatiga ko‘ra, mazkur harbiy operatsiya Suriya Prezidenti Bashar Asadning so‘roviga ko‘ra amalga oshirilmoqda.
Xo‘sh, salkam ikki oydan buyon davom etayotgan harbiy operatsiya qanday samara berdi?
Kreml rasmiy sayti xabariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu joriy yil 20 noyabr kuni Suriyada davom etayotgan harbiy operatsiya yuzasidan mamlakat Oliy bosh qo‘mondoniga hisobot berdi. Mudofaa vaziri S.Shoygu rus harbiylari “Islom davlati” terrorchi tashkilotining moliyaviy ildizlarini qirqishga intilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiya aviatsiyasi so‘nggi kunlarda “Islom davlati”ga tegishli neftni qayta ishlash va saqlashga aloqador 15 ta ob’ektni mahv etdi. Natijada, jangarilar 60 ming tonna neftni qora bozorda pullash imkonidan, demakki, kunlik 1,5 million dollar daromaddan mahrum bo‘ldi.
Mudofaa vaziri hisobotida aytilishicha, so‘nggi haftada Suriya operatsiyasida ishtirok etayotgan Rossiya aviatsiya tarkibi ikki baravar kengaytirildi. Ayni paytda 69 ta jangovar samolyot kuniga 143 ta parvozni amalga oshirmoqda. Harbiy dengiz flotining 10 ta kemasi esa O‘rtayer va Kaspiy dengizlaridan dushman ob’ektlariga hamla qilmoqda.
S.Shoygu o‘z hisobotida ma’lum qilishicha, hozirga qadar Rossiya harbiy havo kuchlariga qarashli samolyotlar 522 bora parvoz qildi. Qolaversa, 101 ta qanotli raketa uchirildi, dushman ob’ektlariga 1400 tonna bomba yog‘dirildi. Shu tariqa “Islom davlati”ning 826 ta ob’ekti, jumladan, jangarilar tayyorlash bazalari, qurol-yarog‘ zavodlari va o‘q-dori omborlari yo‘q qilindi. Birgina Dayr az-Zorada amalga oshirilgan havo hujumlari chog‘i 600 nafar jangari o‘ldirildi. Rossiya Mudofaa vaziriga ko‘ra, harbiy operatsiyalardan jangarilar sezilarli talafot ko‘rmoqda. Bundan foydalangan Suriya hukumati armiyasi Halab, Idlib va Palmirada qarshi hujumga o‘tdi, ayrim hududlar terrorchilardan tozalandi.
Rossiya rahbariyatining Suriyadagi kattagina hududni egallagan “Islom davlati”ga qarshi kurashda faol ishtirok etayotgani bejiz emas. Tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Moskva Suriya rahbari Bashar Asad hokimiyatining qulab, butun mamlakat terrorchilar qo‘liga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka intilmoqda.
“Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyadan ko‘zlagan asosiy maqsadlardan biri – mamlakatning yaxlitligini saqlab qolish. Mintaqadagi ko‘plab davlatlar parokandalikka uchrab, terrorchilar uchun qulay boshpanaga aylanmoqda. Rossiya ushbu jarayonni, ya’ni terrorchilikning keng yoyilishini to‘xtatishga harakat qilmoqda”, – deydi Yaqin Sharq instituti prezidenti Yevgeniy Satanovskiy.
Eslatib o‘tamiz, “Islom davlati” jangarilariga qarshi AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya ham kurashmoqda. Axborot agentliklari xabariga qaraganda, Iroq va Suriyadagi harbiy amaliyotlarda AQSh bilan birga Buyuk Britaniya, Daniya, Kanada, Frantsiya, Niderlandiya, Avstraliya, Belgiya, Bahrayn, Iordaniya, BAA va Saudiya Arabistoni samolyotlari qatnashmoqda.
Sobir Salim