Frantsiyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Rustam Qosimov bilan uchrashdi. Frantsiya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqot chog‘i mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi, agronomiya, sayyohlik, muhandislik, sog‘liqni saqlash, me’morlik va arxeologiya kabi sohalardagi hamkorlik munosabatlari muhokama etilgan.
Ayni paytda oliy va o‘rta maxsus ta’lim o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Uchrashuvda bu boradagi hamkorlik imkoniyatlari, xususan, ta’limni zamon talablariga asosan tashkil qilish, ta’lim menejmenti, frantsuz tili o‘qitish va boshqa yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash yuzasidan fikr almashilgan.
Violen de Vilmor xonim o‘zbekistonlik talabalar frantsuz tilida barcha mutaxassisliklar bo‘yicha, ingliz tilida esa muhandislik, menejment, irrigatsiya kabi sohalarda Frantsiyada oliy ta’lim olish imkoniga ega ekanini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, Frantsiya hukumati talabalarni turli grantlar va ijtimoiy sug‘urta orqali rag‘batlantirib kelayotir. Mazkur mamlakatda tahsil olishni istagan talabalar frantsuz tili bo‘yicha bilimini mustahkamlashi uchun Toshkentdagi Frantsuz alyansi kurslariga qatnash imkoniga ega. 12 yanvar kuni Toshkentdagi Frantsuz alyansida, 15-16 mart kunlari O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkaziladigan tadbirlarda bu borada batafsil ma’lumot beriladi. Ta’limga oid ma’lumotlarni Toshkentdagi Frantsuz alyansi qoshidagi Campus France agentligi filialidan ham olish mumkin.
Frantsiyaning yurtimizdagi elchisi Violen de Vilmor xonim turli davlat tashkilotlarida uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan, diplomat joriy yil 5 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi bilan, 2016 yil 22 noyabrda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori bilan uchrashib, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama etgan.
Eslatib o‘tamiz, Violen de Vilmor xonim 2016 yil 17 sentyabrdan Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida o‘z vazifasini bajarishga kirishgan.
Violen de Vilmor 1959 yilda tug‘ilgan. Parij universiteti (tarix, iqtisodiyot va rus tili) hamda London biznes maktabini (menejment) tamomlagan. 1985 yildan buyon Frantsiya tashqi siyosat mahkamasi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. 2007-2009 yillarda Tashqi ishlar vazirligining boshqaruv masalalari, 2009-2013 yillarda esa G‘arbiy va Shimoliy Yevropa hamda Boltiqbo‘yi bo‘limlarini boshqargan. 2013-2016 yillarda Kontinental Yevropa boshqarmasi (Sharqiy Yevropa, Bolqon, Kavkaz va Markaziy Osiyo) boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Violen de Vilmor xonim Frantsiyaning “Xizmatlari uchun” milliy ordeni bilan mukofotlangan.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Violen de Vilmor – Frantsiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi. 23.09.2016