Vayron bo‘lgan obidalar. Nahot bomba yog‘dirilgan bo‘lsa?..

Armanistonlik bloger Ruben Vardazaryan Ozarbayjonning ishg‘ol ostida bo‘lgan Ag‘dam, Zangilan, Jabroil kabi hududlaridagi bino hamda inshootlarning vayron etilganidan taassuf va hayrat izhor etdi. Bu haqda Ozarbayjon matbuot nashrlari xabar beradi.

“Ushbu hududlarda qanday urush ro‘y berdiki, birorta uy, birorta eshik-deraza sog‘ qolmagan. Nahotki, biznikilar Ag‘dam va Zangilan tomon vodorod bomba yog‘dirgan bo‘lsa?” – deya savol qo‘yadi muallif.

Qayd etilishicha, mazkur hududlarga bomba yog‘dirilmagan, balki okkupatsiya davrida atayin vayron qilingandir.

“Buzg‘unchilikka kim yo‘l qo‘yib berdi? Bu shaharlar, yodgorliklar, muqaddas joylar va odatiy binolar nima ayb qildiki, ularni vayron qildingiz yoki vayron bo‘lishiga tomoshabin bo‘lib turdingiz? Endi dunyo ahliga nima deb javob beramiz?” – deya savolga tutadi R.Vardazaryan.

Bloger okkupatsiya qilingan hududlardagi bolalar bog‘chalari ham omon qolmaganini taassuf ila qayd etar ekan, hodisani tarixda o‘tgan mo‘g‘ul bosqiniga muqoyasa qilgan.

R.Vardazaryan bu holat madaniyatli xalqqa aslo yarashmasligini ta’kidlab, o‘z millatdoshlarini vayron etilgan hududlarni ko‘rishga chaqirgan.  U, ayni choqda, ushbu madaniy buzg‘unchilik haqida Armanistonda ochiq gapirilmayotganini ham qayd etgan.

Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ham 2021 yil 10 noyabr kuni YuNESKO Bosh konferentsiyasi 41-sessiyasida so‘zlagan nutqida qariyb 30 yillik okkupatsiya davrida Qorabog‘ mintaqasidagi tarixiy-madaniy obidalar ayanchli holatga solingani haqida gapirgan.

“Okkupatsiya davrida yuzlab madaniy obidalar qasddan butkul vayron qilingan, zarar-ziyon yetkazilgan, talon-toroj etilgan hamda tarixiy-madaniy xususiyatini yo‘qotish maqsadida o‘zgartirilgan. 67 masjiddan 65 tasi yer bilan yakson qilingan. Qolgan ikkitasi esa tahqirlangan – cho‘chqa va sigirlar uchun og‘ilxona sifatida foydalanilgan”, – degan J. Bayramov.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yil 27 sentyabrdan 9 noyabrga qadar Armaniston Qurolli kuchlariga qarshi kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. 2020 yilning 10 noyabrida Ozarbayjon, Armaniston hamda Rossiya o‘rtasida uch tomonlama bitim imzolandi. 44 kunlik urush yakunida Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka hamda 286 ta qishloq yana Ozarbayjon tasarrufiga o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil mart oyida Turkiy kengashning videokonferentsiya shaklida o‘tkazilgan sammitidagi nutqida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan.

S.Salim