O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 13 yanvardagi farmoniga muvofiq, Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining bir guruh xodimlari harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. 14 yanvar kuni ushbu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar beradi.
O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev barcha harbiy xizmatchilarni va soha faxriylarini mazkur shonli sana bilan tabrikladi.
So‘nggi yillarda mudofaa tizimining jangovar salohiyatini oshirish bo‘yicha juda katta ishlar qilindi. Harbiy boshqaruv tizimi deyarli yangidan barpo etildi. Harbiy-ma’muriy sektorlar tuzildi. Qo‘shin turlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar yo‘lga qo‘yildi. Eng murakkab vazifalarni ham tezkorlik bilan bajarishga qodir bo‘lgan bo‘linmalar tashkil etildi. Qo‘shinlarning jangovar va ruhiy tayyorgarlik darajasi oshdi.
Marosimda unvon to‘g‘risidagi guvohnomalar, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.