Joriy yil 3, 5 va 7 aprel kunlari Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida Team Europe (Evropa jamoasi) tashabbusi ostida Yevropa Ittifoqi ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma 2023 yil O‘zbekistonda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida esa “Evropa ko‘nikmalar yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan YeI delegatsiyasi tomonidan YeIga a’zo davlatlar elchixonalari va Erasmus+ dasturi milliy ofisi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Ko‘rgazma YeIning ta’lim muassasalari va tashkilotlari vakillarini birlashtiradi hamda tashrif buyuruvchilar – talabalar, abituriyentlar, ularning ota-onalari va o‘qituvchilar uchun akademik ta’lim bo‘yicha turli takliflar bilan tanishishga imkoniyat yaratadi, deb xabar beradi YeI delegatsiyasi matbuot xizmati.
Tadbirni o‘tkazishda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, shuningdek, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari hamkorlik qiladi va tashkiliy ko‘mak beradi.
EI ta’lim ko‘rgazmasi tashrif buyuruvchilarga eng mashhur universitet va ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashish va muloqot qilish uchun noyob platformani taklif etadi. Mehmonlar ushbu muassasalar tomonidan taklif etilayotgan turli kurslar, o‘quv dasturlari va stipendiyalar haqida ma’lumot olib, viza, qabul tartibi va o‘qishning boshqa muhim jihatlari haqida xabardorligini oshiradi. Shuningdek, ta’lim sohasidagi so‘nggi tendentsiyalar va ishlanmalar haqida foydali ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun yetakchi akademik ekspertlarning axborot sessiyalari va taqdimotlarida ishtirok etish mumkin.
Ko‘rgazma yoshlarning chet elda o‘qishga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va ularga kelajakdagi muvaffaqiyatli karera garovi bo‘lgan to‘g‘ri ta’limni topishga yordam berishga qaratilgan.
Tadbirda qatnashish uchun 23 mart kunigacha ro‘yxatdan o‘tish lozim.
Mavzuga doir maqolalar:
O‘zbekiston–Frantsiya qo‘shma universiteti tashkil etiladi. 18.02.2023
O‘zbekistonda Erasmus+ dasturi doirasida 4,5 million yevrolik yangi loyihalar tanlandi. 15.12.2022
Toshkentda Yevropa Ittifoqi vakillari ishtirokida ta’lim sifati masalalari muhokama etildi. 27.09.2017