Joriy yil 19 may kuni Toshkentdagi 60-sonli o‘rta maktabda Germaniya madaniyat va ta’lim vazirlari doimiy konferentsiyasining olmon tili bo‘yicha diplomini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi o‘rinbosari Alis Volken xonim ishtirok etdi.
Elchixona matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkentdagi 60-sonli maktab, Samarqanddagi 51-sonli maktab hamda Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi akademik litsey bitiruvchilariga 43 ta diplom topshirildi. Toshkentlik va samarqandlik uch talaba esa tayyorlov kurslarida qatnashgan holda bakalavriatda o‘qish uchun to‘liq moliyalashtirish dasturi g‘olibi bo‘ldi.
Xorijdagi maktablar bo‘yicha markaziy idora (ZfA) tomonidan nazorat qilinadigan ushbu maktab va litseylarda o‘quvchilar “Olmon tili II” diplomini olish uchun jahonda tan olingan usulda imtihon topshiradilar. Bu umumevropa til kompetentsiyasining C1 darajasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu diplom Germaniya oliy o‘quv muassasalarida o‘qish uchun zarur bo‘lgan olmon tili darajasining tasdig‘i hisoblanadi.
Xorijdagi maktablar markaziy idorasi 1994 yildan buyon O‘zbekistondagi maktab va litseylarga olmon tilini chuqur o‘rganishda ko‘mak berib kelmoqda. “Maktablar: kelajak hamkori” tashabbusi doirasida O‘zbekistonda chet tillarini o‘qitish metodikasini takomillashtirishda ham faol ishtirok etmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda O‘zbekistondagi 1600 maktabning 300 mingdan ziyod o‘quvchisi olmon tilini o‘rganmoqda. 10 ta maktabda mazkur til chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. 6 ta o‘rta ta’lim maktabi esa olmon tili bo‘yicha diplom (DSD) berish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 4 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan an’anaviy olmon tili o‘qituvchilarining 14-anjumanida Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, huquqshunoslik fanlari doktori Tilo Klinner O‘zbekiston olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinda ekanini mamnuniyat bilan qayd etgan edi.
Mavzuga doir maqolalar:
Olmon tili bo‘yicha milliy olimpiada g‘oliblari Hamburgga boradi. 13.04.2022
Toshkentda olmon tilining yosh bilimdonlari bellashdi. 16.11.2021