Malayziya Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston Islom tsivilizatsiyasi markazi mutaxassislari ishtirokida ilmiy-amaliy trening tashkil etildi.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, o‘quv dasturi davomida muzey boshqaruvining zamonaviy xalqaro standartlari, doimiy va vaqtincha ekspozitsiyalarni shakllantirish, muzey faoliyatida ta’lim dasturlarini joriy qilish va rejalashtirish, marketing va muzey imijini shakllantirish instrumentlari, muzey faoliyatining xavfsizligini ta’minlash kabi mavzularda mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Malayziya Islom san’ati muzeyi 1998 yilda tashkil etilgan. Ushbu muassasa Janubi-Sharqiy Osiyodagi Islom tsivilizatsiyasi tarixi va san’atiga bag‘ishlangan eng yirik muzey bo‘lib, maydoni 30 ming kvadrat metrga teng. O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan VIII asrga oid so‘g‘d ipak libosi muzeyning nodir eksponatlari sirasiga kiradi.