O‘zbekistonda to‘rtinchi bor Yevropa harakatlanish haftaligi o‘tkazilmoqda

16-22 sentyabr kunlari O‘zbekistonda Yevropa harakatlanish haftaligi (European Mobility Week) o‘tkaziladi. Yevropa Ittifoqi 2002 yildan buyon tashkil etib kelayotgan yirik aktsiya mamlakatimizda to‘rtinchi bor uyushtirilmoqda.

EI delegatsiyasi O‘zbekiston transport vazirligi, Toshkent shahri hokimiyati va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazayotgan yirik tadbir sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, shahar atrof-muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. Haftalik doirasida yugurish, velosipedda harakatlanish, plogging, avtomobilsiz kun kabi tadbirlar o‘tkaziladi.

EIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian haftalik doirasida velosipedda harakatlanishni targ‘ib etib, bu borada shaxsiy namuna ko‘rsatdi.

Evropa harakatlanish haftaligi YeI tomonidan Xalqaro jamoat transporti ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etib kelinadi. Haftalikdan ko‘zlangan maqsad ham insonlar salomatligini saqlash, ham atrof-muhit tozaligini muhofaza etishdan iborat. Piyoda, velosipedda yoki jamoat transportida harakatlanishni keng targ‘ib etish orqali transport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar miqdorini kamaytirish, ekologiyani muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda energiya manbalarini tejash ko‘zda tutilgan.

EI delegatsiyasi matbuot xizmati tomonidan ushbu muhim tadbir munosabati bilan chop etilgan rolikda toza, ekologik musaffo va zamonaviy shaharlar insoniyat hayoti uchun muhim ekani ta’kidlanadi.

Evropa harakatlanish haftaligi yil sayin kengayib borayotgan global harakatga aylanmoqda. Joriy yil dunyoning 47 davlatidagi 2738 ta shaharda (raqamlar oshishi mumkin) ushbu haftalik o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston 2019 yilda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Yevropa harakatlanish haftaligiga qo‘shilgan. 22 sentyabr kuni respublika bo‘yicha “Avtomobilsiz kun” deb e’lon qilingan.

“Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarorida barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda hokimlar va o‘rinbosarlariga shaxsiy namuna tamoyili asosida haftada kamida bir marta avtomobillardan foydalanmagan holda ishga kelishi va ketish tavsiya etilgan.