Toshkentda Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlarining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan ikki mamlakat madaniyat vazirliklari va Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Ozarbayjonlik mehmonlar Madaniyat markazi oldidagi Haydar Aliyev haykali hamda shahidlar yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘yishdi.
Ozarbayjon delegatsiyasi tarkibida Milliy Majlis madaniyat qo‘mitasi raisi Ganira Pashayeva, Milliy Majlis deputati, “Ozarbayjon–O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi a’zosi Mushfiq Ja’farov, Madaniyat vazirligi bo‘lim boshlig‘i Akif Marifli, Ganja viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Vasif Jannatov, mashhur olimlar, jamoatchilik vakillari bor.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida ham Ozarbayjon madaniyati kunlari munosabati bilan Ozarbayjon fondining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva Ozarbayjon bilan aloqalar, qo‘shma loyihalar haqida gapirdi. Xususan, u yaqinda Madaniyat markazi va Ozarbayjon milliy kutubxonasi ko‘magida O‘zbekiston kutubxonalariga ko‘plab nashrlar taqdim etilganini ta’kidladi.
Shu kuni Ozarbayjon madaniyat markazi va O‘zbekiston milliy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov madaniyati kunlari doirasida Toshkent va Termiz shaharlarida ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishi, kutubxonalarda Ozarbayjon fondlari ochilishi, kitob taqdimotlari, san’atkorlar ishtirokidagi do‘stlik kontsertlari, ko‘rgazmalar o‘tkazilishi, ikki tomonlama uchrashuvlar rejalashtirilgani haqida gapirdi.
2022 yil Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan “Shusha yili” deb e’lon qilinganini ta’kidlagan diplomat 30 yil davomida ishg‘ol ostida bo‘lgan shahardagi vayron bo‘lgan yodgorliklar, kutubxonalar tiklanishi haqida ma’lumot berdi.
Tadbir doirasida Madaniyat markazi loyihasi bo‘yicha chop etilgan “Ozarbayjon va o‘zbek maqollari” nashri taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon parlamenti a’zosi Ganira Pashayeva esa xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik aloqalari, madaniy va adabiy robitalar kundan kunga o‘sib, rivojlanib borayotgani haqida so‘zladi. Deputat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va o‘zbek xalqiga minnatdorlik bildirdi.