O‘zbekistonda ilk bor “Falling Walls Lab” tanlovi o‘tkazildi

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasida joriy yil 15 sentyabr kuni mamlakatda ilk bor “Falling Walls Lab” tanlovi o‘tkazildi.

13 nafar ishtirokchi texnik fanlar, atrof-muhit himoyasi, ta’lim va malaka oshirish yo‘nalishlaridan tortib tibbiyot sohasigacha bo‘lgan mavzularda qisqa taqdimot o‘tkazdi. Tanlov formatiga ko‘ra, har bir ishtirokchi uch daqiqa davomida matn, audio va video taqdimotlar qildi hamda mavzu bo‘yicha savollarga javob beradi.

Germaniya elchixonasi matbuot xizmatiga ko‘ra, Toshkentda taqdim etilgan g‘oyalar juda qiziqarli, ilhomlantiruvchi va innovativ xarakterga ega bo‘ldi. Taqdimotlarni turli soha vakillaridan iborat jyuri baholab bordi. Tanlov hay’atiga Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Melani Moltmann xonim raislik qildi.

100 ga yaqin mehmon kuzatib borgan tanlov yakunida g‘oliblik tibbiyot fanlari doktori Rasul Sodiqovga nasib etdi. Toshkent Tibbiyot akademiyasi professori R.Sodiqov yuz jarrohligi bo‘yicha xalqaro tajribaga ega tibbiyot mutaxassisi deya e’tirof etilgan.

Hay’at a’zolari professor R.Sodiqovning shishlarga tashxis qo‘yish va ularni davolashda lazer texnologiyalari imkoniyatlari va ularni qo‘llash haqidagi taqdimotini yuksak baholadi. G‘olib 2017 yil 8-9 noyabr kunlari Berlinda o‘tkaziladigan “Falling Walls Lab” tanlovining final bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.

“Falling Walls Lab” Germaniya Federativ Respublikasi tomonidan 2009 yildan buyon butun dunyo bo‘ylab o‘tkazib kelinadigan va ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan tanlov hisoblanadi. Ushbu tanlovda ilm-fan va ta’lim, texnologiya va innovatsiya, iqtisod va jamiyatshunoslik vakillari qatnashadi. Tanlov ikki bosqichdan iborat bo‘lib, avval ishtirokchi davlatlar milliy saralash tanlovini o‘tkazadi. Milliy saralash bosqichining g‘olibi Germaniyaga taklif etiladi va musobaqasining final bosqichida o‘z loyihasini namoyish etadi. Final bosqichi har yili 8-9 noyabr kunlari Berlinda siyosat, ilm-fan, iqtisod, madaniyat va OAV sohalari vakillari – germaniyalik va chet ellik taniqli mehmonlar ishtirokida o‘tkaziladi.