17 fevral kuni AQSh elchisi Jonatan Henik O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan tadbirkor ayollar akademiyasi (AWE) bitiruvchilari – Farg‘ona, Andijon va Namangandan kelgan 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 25 nafar ishbilarmon ayolga sertifikat topshirdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
“AQSh xilma-xil dastur va tashabbuslar yordamida o‘zbekistonliklar uchun barqaror iqtisodiy imkoniyatlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirmoqda. Men O‘zbekistonda AWEning ishga tushirilishi va muvaffaqiyatli yakunlanishi xotin-qizlarning biznes va iqtisodiyot sohasidagi yetakchilar sifatidagi nufuzini oshirganini ko‘rishdan nihoyatda mamnunman”,– dedi elchi J.Henik tabrik so‘zida.
AWE tadbirkorlarga o‘z biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mahsulotni bozorga chiqarish hamda O‘zbekiston iqtisodiyotiga hissa qo‘shishda o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirish maqsadida trening o‘tkazdi.
Virtual va yuzma-oz tashkil etilgan darslarda ishtirokchilar tajribali mutaxassislar, mahalliy murabbiylar va AQSh almashinuv dasturlari bitiruvchilaridan biznesga oid asosiy ko‘nikmalarni o‘rgandilar.
“Tech4Impact” AQShda malaka oshirib qaytgan tadbirkor boshqarayotgan NNTdir. Nodavlat tashkilot akademiya faoliyatini AQShning Toshkentdagi elchixonasi xalq diplomatiyasi bo‘limi nomidan amalga oshirdi. “Tech4Impact” bu borada Arizona davlat universiteti qoshidagi “Thunderbird” global boshqaruv maktabi hamda “Freeport-McMoRan” mis qazib chiqaruvchi kompaniya hamkorligi natijasida ishlab chiqilgan “DreamBuilder” platformasidan foydalandi.
AWE AQSh va O‘zbekiston hukumatlarining jamiyatning barcha sohalarida ayollar rolini oshirishga qaratilgan gender tengligi borasidagi sa’y-harakatlariga mos keladi.
Tadbirkor ayollar akademiyasi – AQSh Davlat departamentining xotin-qizlarga muvaffaqiyatli biznesni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish uchun zarur bo‘lgan bilim, aloqa tarmog‘i va tegishli resurslardan foydalanish imkonini beruvchi dasturdir. Mahalliy darajada AWE davlat va xususiy sektordagi homiylar, turli hamkorlar va almashinuv dasturlari bitiruvchilari kuchidan xotin-qizlar va ularning bizneslarini rivojlantirish maqsadida foydalanadi, bu esa 80 dan ortiq mamlakatdagi jamoalarda farovon turmushga turtki beradi.
2019 yili tuzilgan “Tech4Impact”ning asosiy faoliyati O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda innovatsiyalar, axborot texnologiyalari, startaplar, inson kapitali, yashil texnologiyalar, yoshlar va ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan.
Mavzuga doir maqolalar:
AQSh elchisi Samarqandda tadbirkor ayollar faoliyati bilan tanishdi. 03.02.2023
O‘zbekistonlik hunarmand ayollar uchun biznes g‘oyalar tanlovi e’lon qilindi. 15.01.2022