Bugun o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Anvar Obidjon vafot etdi.
Anvar Obidjon Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanining Poloson qishlog‘ida 1947 yilning 25 yanvarida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1964 yilda o‘rta maktabni tugatgach, Samarqand moliya texnikumida, 1969-1971 yillarda jamoa xo‘jaligida hisobchi, klub mudiri, tuman gazetasi, viloyat radiosida turli vazifalarni bajardi, Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini sirtdan tamomladi.
1981 yildan boshlab u Toshkentga ko‘chib kelib, «Yosh gvardiya» nashriyotida, «Yosh kuch», «Mushtum» jurnallarida ishladi.«Cho‘lpon» nashriyotida bosh muharrir bo‘lib ishlagan.
Anvar Obidjon bolalar adabiyotiga dastlab «Ona Yer», «Bahromning hikoyalari» to‘plamlari orqali shoir sifatida kirib keldi va mavjud ijodiy an’analardan foydalangan holda o‘ziga xos yo‘l tanladi.«Bulbulning cho‘pchaklari», «G‘alati maktublar», «Kumush uy», «Gurungdagi gaplar», «Ajoyibxona», «O‘zimizning ansambl», «Ignalarim chiroyli», «Mening kollektsiyam», «Shirin so‘ylar jajjivoylar», «Kalamushlar kemasi», «Siz eshitmagan qo‘shiqlar», «Dalalardan bolalarga», «Osmondan tushgan sozanda» turkum she’rlari fikrimizga dalildir.
Uning «Ona yer» (1974), «Masxaraboz bola» (1980), «Olovjon va uning do‘stlari» (1983), «Bahromning hikoyalari» (1984), «Ey, yorug‘ dunyo» (1983), «Ketmagil» (1985), «Bezgakshamol» (1985), «Juda qiziq voqea» (1987), «Oltin yurakli avtobola» (1988), «Dahshatli Meshpolvon» (1990) kabi she’riy, nasriy kitoblari chop etildi.
Bulardan tashqari, adibning «Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi», «Pahlavonning o‘g‘irlanishi» Anvar Obidjon so‘nggi yillarda «Ramazon va Gulmat hangomasi» (1992), «Meshpolvonning janglari» (1994), «Alisher ila Husayn yoki uch dono va o‘g‘ri» (1996), «To‘tiqush», «Topsang hay-hay…» kabi qissa, pesa va she’r, dostonlarini ham yaratdi.