Joriy yil 28 oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur muzokara yakunida matbuot uchun qo‘shma bayonot e’lon qilindi.
Unda qayd etilishicha, samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar chog‘ida Shavkat Mirziyoyev va Sharl Mishel keyingi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani va keng ko‘lamli tus olganini tasdiqladi.
Tomonlar Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni va hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga intilishini olqishladi.
O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlash va ularni yanada chuqurlashtirish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va inson kapitali yo‘nalishlaridagi masalalarning keng doirasi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim dastlabki bosqichda imzolanganini olqishladi.
Prezidentlar ushbu muhim hujjat imkon qadar tez fursatda imzolanishi va ratifikatsiya qilinishiga umid bildirdi.
Tomonlar xalqaro ishlarda va ikki tomonlama munosabatlarda BMT Ustavi va xalqaro huquqning umume’tirof qilingan normalariga qat’iy rioya qilishlarini, hamkorlikni teng huquqlilik, o‘zaro anglashuv va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillari asosida qo‘llab-quvvatlashlari va rivojlantirishlarini ta’kidladilar.
Evroittifoq tomoni Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini, ular barqaror bo‘lishi va ortga qaytmasligiga umid bildirdi.
Prezidentlar inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi sohasidagi konstruktiv muloqot va faol hamkorlikni yuksak baholadi. O‘zbekiston va YeIning bu boradagi hamkorligini mustahkamlashga bundan buyon ham ko‘maklashishga tomonlar qat’iy intiladi.
Evropa kengashi Prezidenti O‘zbekiston rahbariyatining gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibori ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi hamda YeI ushbu sohalardagi loyiha va dasturlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘makni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. YeI inson huquqlari va asosiy erkinliklarini to‘liq hurmat qilish muhimligini qayd etdi.
Qo‘shma bayonotda hamkorlikni turli yo‘nalishlarda rivojlantirishga xayrixohlik bildirilgan.