Toshkentda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan 56-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza, jami 10 ta medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida olimpiada g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda navbatdagi xalqaro olimpiadaning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimiz tarixida alohida iz qoldirganini ta’kidlandi.
Xalqaro olimpiadaning 10 nafar ishtirokchisi – rossiyalik 5 nafar o‘quvchi, Turkiya, Isroil, Belarusdan bir nafardan o‘quvchi oltin medalga munosib topildi. Ular orasida O‘zbekistondan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Azimjon Jamolov ham birinchi o‘ringa loyiq topildi.
Olimpiadaning mutlaq g‘olibligiga hamda Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Valeriy Lunin nomidagi maxsus pul mukofotiga rossiyalik Ignatiy Tarabrin munosib topildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan bir hafta davomida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan 100 nafarga yaqin iste’dodlar nafaqat o‘zaro kuch sinashishdi, balki bilim va tajribalarini oshirishib, yangi do‘stlar orttirishdi, Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Toshkent, Samarqanddagi qutlug‘ qadamjolarni ziyorat qildilar.