O‘zbekiston–Qozog‘iston: suv muammolariga doir chora-tadbirlar belgilandi

Bugun, 9 fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev hamda Qozog‘iston ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri Serikkali Brekeshev uchrashdi. Bu haqda Qozog‘iston vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimida suv holatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi. Muhokamalar natijasida Shardara suv omboriga suv oqimini ko‘paytirish va davlatlararo “Do‘stlik” kanali orqali barqaror suv ta’minotini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikda chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi.

Uchrashuvda, shuningdek, ikki davlat hukumatlari o‘rtasida transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash masalasi muhokama qilindi. Tomonlar kelishuv loyihasi tezroq ma’qullanishi maqsadga muvofiq ekanini bildirdilar.

Vazirlar uchrashuvida ikki davlat bosh vazirlari darajasida suv munosabatlari sohasida hamkorlik bo‘yicha komissiya tuzish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Qolaversa, mashvaratda Markaziy Osiyo suv-energetika konsortsiumini tashkil etish va GESlar qurilishida ishtirok etish bo‘yicha o‘zaro maslahatlashib oldi.