O‘zbekiston–Malayziya: hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi

Foto: “Dunyo” AA

Bugun, 19 may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Malayziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kamarudin Jaffar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston–Malayziya kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va uning tuzilmasini diversifikatsiya qilish, shuningdek, turizmni rivojlantirish, muntazam va charter reyslarini tiklash bo‘yicha o‘zaro chora-tadbirlar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, vazir o‘rinbosarlari siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, ta’lim va gumanitar almashinuvlarni kengaytirishdan manfaatdorlik izhor etdilar.

Qayd etilishicha, Malayziya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining O‘zbekistonga tashrifi davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelib, bu ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 21 fevral kuni O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Malayziya tashqi ishlar vaziri Sayfuddin Abdullohga tabrik yo‘llab, Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi robitalarni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirishga ishonch bildirdi.

Malayziya O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 1 yanvarda tan olgan. 1992 yil 21 fevral kuni o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning 1992 yil va Malayziya bosh vaziri Mahathir Muhammadning 1993 yilgi rasmiy tashriflarida do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikning tamal toshi qo‘yilgan. 2003 yilda yurtimizga Malayziya podshohi Tuanku Sayed Sirajuddin Sayed Jamalullayl tashrif buyurgan.

Shuningdek, 2005 yil oktyabr oyida O‘zbekiston prezidentining Malayziyaga, 2008 yil noyabrda Malayziya bosh vaziri Ahmad Badaviyning O‘zbekistonga davlat tashrifi amalga oshirilgan.

O‘zaro munosabatlarni jadallashtirishda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida o‘tkaziladigan siyosiy maslahatlashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi.