9 yanvar kuni Toshkentda “O‘zbekiston–Jazoir” do‘stlik jamiyatini tashkil etish tashabbus guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston ilm-fan, madaniyat va san’at namoyandalari hamda Jazoirning yurtimizdagi elchixonasi vakillari qatnashdi.
Jazoirning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naser Busherit yig‘ilganlarni qutlab, do‘stlik jamiyatining tashkil etilishi ikki mamlakat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
“Biz 2015 yildayoq do‘stlik jamiyatini tashkil etish masalasini ko‘targan edik. Ammo, afsuski, o‘shanda ushbu g‘oya amalga oshmay qoldi. Chunki O‘zbekiston tomonining barcha shart va talablarini bajarish imkoniyati yo‘q edi. O‘tgan muddat davomida O‘zbekistonda ko‘plab o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Yaqinda ushbu qo‘mita raisi bilan uchrashdim va u mazkur loyihaga katta qiziqish bildirdi. Ta’kidlash joizki, do‘stlik jamiyatini tashkil etish taklifi o‘zbekistonlik do‘stlarimizdan chiqqan edi”, – dedi Naser Busherit.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi hamda Tashqi ishlar vazirligi ham do‘stlik jamiyatini tuzish g‘oyasiga rozilik bergan.
“Jazoir ushbu jamiyatni qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyor. Mening mamlakatimda ham “Jazoir–O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati tuziladi. O‘zbekistondagi faoliyatimni yakunlab vatanimga qaytgach, ana shu jamiyatning faol a’zosi bo‘lishga va’da beraman”, – dedi Jazoir elchisi.
Tashabbus guruhi a’zolari uchrashuvida yangi jamiyatning nizomi loyihasi muhokama etildi. Uni takomillashtirish yuzasidan fikrlar bildirildi. Shuningdek, yig‘ilishda do‘stlik jamiyatining raisi, rais o‘rinbosari va ijrochi direktori kabi lavozimlarga nomzodlar tasdiqlandi.
Nizom loyihasi takliflar asosida mukammallashtirilib tasdiqlangach, jamiyatni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga murojaat qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston–Jazoir” do‘stlik jamiyatini tashkil etish taklifi ilk bor 2015 yil noyabrda o‘zbekistonlik bir guruh faollar va ijodkorlar tomonidan ilgari surilgan edi.
S.Salim
Shu mavzudagi maqola:
Naser Busherit: “2019 yil Jazoir va O‘zbekiston hamkorligida yangi sahifa ochadi”. 30.10.2018