Turk dunyosining 2017 yildagi madaniy poytaxti Turkiston shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Turk dunyosi adabiy nashrlari muharrirlarining 7-kongressi”da Yevrosiyo Yozuvchilar uyushmasining “Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi 2016” mukofoti buyuk o‘zbek shoiri va yozuvchisi Shukrulloga taqdim etildi. 96 yoshli Shukrullo domla kongressga kela olmagani uchun sovrinni topshirish vakolati Ziyouz portali muharriri Davronbek Tojialiyevga berildi.
“Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi” mukofoti har yili turkiy dunyoning eng hurmatli va usta shoir-yozuvchilariga taqdim etiladi. Bu mukofotga 2011 yili Ali Oqbosh (Turkiya), 2012 yili Anor (Ozarbayjon), 2013 yili To‘len Abdik (Qozog‘iston), 2014 yili Ismoil Bo‘zqurt (Kipr), 2015 yili Umar Sultonov (Qirg‘iziston) sazovor bo‘lgan.
Shukrullo (Yusupov) 1921 yil 2 sentyabrda Toshkent shahrining Shayxontohur dahasida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1981). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1977). Pedagogika bilim yurti (1935— 38) va Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatgan (1944).
Ilk she’rlar to‘plami — «Birinchi daftar» (1949). «Qalb qo‘shiqlari» (1949), «Hayot ilhomlari» (1959), «Umrim boricha» (1960), «Inson va yaxshilik» (1961), «Zarralar» (1973), «Suyanchiq» (1977), «Yashagim keladi» (1978), «Sening baxting» (1988), «To‘qilgan dardlarim» (2001), «Shafaq» (2007) va boshqa she’riy asarlar muallifi. Ko‘plab dostonlar («Asr bahsi», 1985), bolalarga atalgan she’r va ertaklar («Yulduzlar, 1964) hamda she’riy dramalar («Hasrat bog‘i», 2004) yozgan. «Javohirlar sandig‘i» (1983) essesi, katag‘on davri dahshatlari haqidagi «Kafansiz ko‘milganlar» (1989) avtobiografik qissasi, «Tirik ruhlar» (1999) roman-xronikasi ham bor.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1994). «Do‘stlik» (1994) va «El-yurt hurmati» (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.