O‘zbek va turk kompaniyalari Markaziy Osiyodagi eng baland binoni qurmoqda

Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida barpo etilayotgan 50 qavatli bino nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng baland bino bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda 5 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

“Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazidagi yirik loyiha – 215 metrdan ortiqroq balandlikka ega bino O‘zbekistonning “Murad Buildings” hamda Turkiyaning “Özgüven” kompaniyalari tomonidan qurilmoqda.

Matbuot anjumanida “Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov hamda “Özgüven” shirkati boshqaruv raisi O‘zgur O‘zguven (Özgür Özgüven) bir yarim gektar maydonni egallaydigan inshoot qurilishiga doir ma’lumot berdi.

Murod Nazarovning ta’kidlashicha, inshoot loyihasi jahon me’morchiligining ilg‘or tajribasini o‘rgangan holda ishlab chiqildi va bu jarayonda dunyoning 500 dan ortiq eksperti ishtirok etdi.

“Biz qariyb ikki yildan buyon  katta ishtiyoq va loyihani yuksak darajada ro‘yobga chiqarish istagi ila ishlab kelmoqdamiz. Biz “Özgüven” kabi ishonchli hamkor topganimizdan mamnunmiz. Endilikda katta orzuni amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilmoqdamiz. Biz shahar qalbidan munosib o‘rin egallaydigan, uning qoq markazida kad rostlaydigan, zamonaviy va innovatsion me’morchilik yechimlarini o‘zida mujassam etgan inshoot barpo qilmoqdamiz”, – dedi Murod Nazarov.

O‘z navbatida, O‘zgur O‘zguven osmono‘par bino me’morchilik nuqtai nazaridan yangicha qarashlar va noan’anaviy yechimlarni o‘zida aks ettirganini qayd etdi.

“Biz Markaziy Osiyo va Buyuk ipak yo‘li yuragida joylashgan ushbu loyihada ishtirok etayotganimizdan baxtiyormiz. Biz o‘z nou-xaularimizni qo‘llashdan tashqari, Turkiyaning yirik universitetlaridan professor-o‘qituvchilarni ishga taklif qildik, ko‘plab mutaxassislardan maslahat oldik. Me’morchilik va muhandislik nuqtai nazaridan atroflicha tadqiqot va loyihalashtirish ishlari olib borildi. Binoning qurilishi jarayonida granitdan kuchliroq bo‘lgan M700 turdagi beton ishlatiladi. Butun ob’ekt uchun ishlatiladigan betondan 5000 ta xonadon qurish mumkin edi. Agar qurilishda ishlatiladigan barcha temir anjomlar qo‘shilsa, ularning umumiy uzunligi 7,5 ming kilometrni tashkil etadi. Bu Tashkent City markazidan Istanbulgacha bo‘lgan masofadan ham uzunroqdir”, – deya tafsilotlar bilan bo‘lishdi “Özgüven” shirkati boshqaruv raisi.

Turkiyalik ishbilarmon ajdodlarining tarixiy vatani – ota yurtida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihasida qatnashayotganidan mamnun ekanini alohida ta’kidladi.  “Buyuk ipak yo‘lidagi baland minoraga bayroq tikdik!” deya o‘xshatish qildi u.

Qayd etilishicha, loyiha qiymati  150 million AQSh dollari atrofida bo‘lib, unga sarmoya kiritish borasida Xitoy, Janubiy Koreya va BAAdan qiziqish bildirilmoqda.

Osmono‘par binoning rasmiy nomi va loyihaga doir boshqa tafsilotlar joriy yilning 15 avgustidan so‘ng e’lon qilinadi.

S.Salim