AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) umumiy qiymati 19 million dollarga teng bo‘lgan yangi besh yillik loyihaga amalga oshirishga kirishdi. Markaziy Osiyoda savdo dasturi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda amalga oshiriladi.
AQSh elchixonasi matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi loyiha xalqaro taraqqiyot agentligining yillar mobaynida mintaqaviy savdo, korxonalarni rivojlantirish va hududiy aloqalarni yaxshilashda erishgan yutuqlariga asoslanadi.
Markaziy Osiyoda savdo dasturi doirasida uchta asosiy strategik maqsadga erishish uchun davlat va xususiy sektorga texnik yordam ko‘rsatish nazarda tutilgan.
Birinchidan, dasturning faoliyati moliyaviy va vaqt xarajatlarini kamaytirish, shuningdek, mintaqada iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida bojxona va chegara nazorati tartibini uyg‘unlashtirishga yo‘naltiriladi.
Ikkinchidan, dastur rivojlanishni rag‘batlantiruvchi va investitsiyalar oqimini ta’minlaydigan islohotlarni amalga oshirish uchun davlat va xususiy sektor orasidagi sheriklikni kuchaytiradi.
Uchinchidan, manfaatdor tomonlar bilan Markaziy Osiyo mintaqasida hamda undan tashqarida transchegaraviy savdo hajmini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil sentyabrda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonda missiyasini ochganini e’lon qildi. Bunga qadar agentlik idorasi Markaziy Osiyodagi missiyaning bir qismi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Qayd etilishicha, mamlakatda to‘laqonli missiya tashkil etilishi agentlikka O‘zbekiston hukumatining keng ko‘lamli iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarini yanada qo‘llab-quvvatlash bilan birga xususiy biznes, nodavlat tashkilotlar va mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuchaytirishiga hissa qo‘shadi. Joriy yil 10 iyundan Mikaela Meredit missiyaning ilk direktori sifatida ish boshladi.
USAID O‘zbekistonga iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv resurslarini boshqarish, qonun ustuvorligini takomillashtirish, migratsiya va odam savdosi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, Amerika xalqi USAID orqali 1993 yildan beri O‘zbekistonga 500 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi.
Joriy yil 28 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Vashingtonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Samanta Pauer bilan uchrashib, o‘zaro munosabatlarning istiqbollarini muhokama etgan edi.
A.Komilov Pauer xonim bilan joriy yil 21 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasi kunlarida ham muloqot qilgan.
Shu mavzudagi maqolalar:
AQSh silga qarshi kurash dasturi doirasida O‘zbekistonga 730 ming dollarlik uskunalar taqdim etdi. 19.07.2019
USAID O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. 25.01.2018