Turkmanistonda mustaqillikning 24 yilligi nishonlandi

27 oktyabr kuni Turkmaniston Respublikasida Mustaqillik kuni bayram qilindi. Turkmaniston davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, ushbu sana munosabati bilan mamlakat rahbari Gurbanguli Berdimuhammedov o‘z xalqiga tabrik yo‘lladi.

Tabrikda mustaqillik turkman xalqi asrlar bo‘yi orzu qilgan ne’mat ekani, mazkur bayram jamiyat birligi va jipsligini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlangan.

“Dovyurak xalqimizning fidokorona mehnati tufayli demokratik davlatimiz, inson qadrini baland tutgan jamiyatimiz turli sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi, sayyoramizning qudratli, tinchliksevar mamlakatlari safidan o‘rin oldi”, deyiladi Prezident G.Berdimuhamedovning tabrigida.

Qutlovda mehnatsevar turkman xalqi bundan keyin ham vatan taraqqiyoti yo‘lida jonbozlik ko‘rsatishiga ishonch bildirilgan.

Milliy bayram munosabati bilan poytaxt Ashxabod shahrida bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, Kongresslar saroyida o‘tgan tantanali marosimda mamlakat rahbari ishtirok etdi. Turkmaniston parlamenti va hukumati a’zolari, chet el diplomatlari va jamoat tashkilotlari vakillari hozir bo‘lgan bayram dasturida san’at ustalari, xalq ansambllari va musiqiy jamoalarning teatrlashtirilgan tomoshasi namoyish etildi.

Mustaqillikning 24 yilligi munosabati bilan Turkmanistan Prezidenti amnistiya haqidagi farmonga ham imzo chekdi. Davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, afvnomaga muvofiq 1020 nafar mahkum jazodan ozod etiladi.

Mustaqillik kuni Turkmaniston Respublikasining bosh bayrami sanaladi. 1991 yil 26 oktyabr kungi referendumda respublika aholisining 93 foizi sobiq Ittifoq tarkibidan mustaqil davlat sifatda ajralib chiqishni yoqlab ovoz bergan. 1991 yil 27 oktyabrda Turkmaniston Mustaqilligi deklaratsiyasi qabul qilingan.

6,2 million nufusga ega Turkmaniston davlati tashqi siyosatda betaraflik tamoyiliga tayanadi. 1995 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 185 a’zosi bir ovozdan mamlakatni doimiy betaraf deya tan olgan.

Mintaqada energiya resurslari eksport qiluvchi asosiy davlatlardan biri sanalgan Turkmaniston tabiiy gaz zaxirasi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Mamlakatning tabiiy gaz zaxirasi 15-20 trillion kubometr, neft zaxirasi 1,5-2 milliard tonna deb baholanadi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2012 yili 69 milliard kubometr tabiiy gaz hamda 11 million tonna neft va gaz kondensati qazib olingan.

O‘zbekiston–Turkmaniston aloqalari 2007 yilda imzolangan Do‘stona munosabatlar va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma asosida olib borilmoqda. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik va do‘stona aloqalar qaror topgan bo‘lib, davlatlararo munosabatlarning barcha jabhalarida hamkorlik yuksalmoqda. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqindir.

Ikki davlat rahbarlari muntazam uchrashib, aloqalarni yanada kengaytirish borasida fikr almashib kelmoqda. Xususan, Turkmaniston rahbari joriy yil 7-8 oktyabr kunlari O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘ldi.

Mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi keyingi olti yilda 3 barobar o‘sib, 2014 yil yakuniga ko‘ra 413 million AQSh dollari, joriy yil yanvar-avgust oylarida esa 245 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Sobir Salim