Turkiyaning Shonliurfa viloyati Jeylanpinar nohiyasida yashovchi o‘zbeklar har kuni iftorlik dasturxonida yig‘ilmoqdalar. Shonliurfalik o‘zbek Muhammad Amin Qahramonning aytishicha, Evren pasha qishlog‘ida har kuni 200 kishilik iftorlik dasturxoni uyushtirilmoqda. Bir kun osh, bir kun sho‘rva va boshqa o‘zbekona taomlar iftorlik dasturxonini bezamoqda. Iftorlikdan so‘ng xufton va tarovih namozlari ado etilmoqda.
Hozirda Turkiyaning Shonliurfa viloyatida 2000, Xatay viloyatida 10000, Anqarada 3000 nafar o‘zbeklar istiqomat qiladi. Ular 20-30-yillarda O‘zbekistondan Afg‘onistonga ko‘chib ketgan vatandoshlarimizning avlodlaridir. O‘tgan asrning 80-yillarida Afg‘onistondagi o‘zbeklarning ba’zilari Turkiyaga ko‘chishgan edi. Ular ana shu hududlarda yerlashishgan.
Muhammad Amin Qahramon Turkiyada tug‘ilgan bo‘lishiga qaramay, o‘zbek tilida ravon gapiradi. Uning ajdodlari Surxondaryoning Sho‘rchisidan bo‘lib, avlodlar haligacha eski o‘zbek lahjasida gaplashishadi. Muhammad Amin Qahramonning aytishicha, Turkiyadagi yosh o‘zbeklarning aksariyati zamonaviy o‘zbekcha o‘qish va yozishni bilmaydi, lekin qariyb 70 foizi o‘zbek tilida gaplashadi. Qishloqdagi barcha vatandoshlarimiz kabi uning eng katta orzularidan biri — Vatanni ko‘rib kelish.