Turkiyaning Grizu-263A deb atalgan birinchi mini sun’iy yo‘ldoshi SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketa tashuvchisida fazoviy tadqiqotlar uchun muvaffaqiyatli tarzda koinotga uchirildi. Xabarlarga ko‘ra, mini sun’iy yo‘ldoshdan ilk signal qabul qilingan.
Turkiya teleradiokompaniyasi (TRT) sun’iy yo‘ldoshning ilk parvozi aks etgan qisqa videolavhani e’lon qildi.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham ilmiy sohadagi mazkur ilg‘or natijani olqishlagan.
“2019 yilda TEKNOFEST tanlovi sun’iy yo‘ldosh modeli yo‘nalishida birinchi o‘rinni egallagan yoshlarimiz tomonidan yaratilgan Grizu-263A mini sun’iy yo‘ldoshi SpaceX tomonidan orbitaga uchirildi. Bu loyihada ilk bor ishtirok etishni uddalagan turkiyalik yoshlarimiz, o‘qituvchilarimiz va loyihani qo‘llab-quvvatlagan muassasalarimizni tabriklayman”, – degan Turkiya rahbari.
Ilk mini sun’iy yo‘ldosh 1992 yil 3 mart kuni Turkiyaning Zonguldak viloyatida shaxtada ro‘y bergan portlashda qurbon bo‘lgan 263 nafar konchining ruhiga ehtirom ramzi sifatida Grizu-263A deb nomlangan.