Turkiyada madaniyat va san’at sohasida davlat mukofoti g‘oliblari aniqlandi

Anqara shahridagi Beshtepe milliy kongressi va madaniyat markazida Turkiya prezidentining madaniyat va san’at sohasidagi mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mukofotni g‘oliblarga prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on topshirdi.

2022 yilda milliy mukofotga musiqa yo‘nalishida Ajda Pekkan, rasm yo‘nalishida professor Sulaymon Saim Tekjan, kino yo‘nalishida Yilmaz Erdo‘g‘on, teatr yo‘nalishida Ayla Algan, fan va madaniyat yo‘nalishida professor Xayriddin Karaman, adabiyot yo‘nalishida Yavuz Bulent Bakiler, multfilm-animatsiya yo‘nalishida Varol Yasharog‘lu, gastronomiya yo‘nalishida aka-uka O‘mur va Yunus Emre Akkorlar, raqs-balet yo‘nalishida Tan Sag‘turk, me’morchilik yo‘nalishida Hilmi Shenalp, hunarmandlik yo‘nalishida Sevan Bichakchi, an’anaviy san’at yo‘nalishida Gulbun Mesara sazovor bo‘ldi. Sadoqat mukofotiga esa marhum Oshiq Veysel loyiq ko‘rildi.

Prezident Erdo‘g‘on mukofotni topshirish marosimida so‘zlagan nutqida san’atkorlar, adabiyot bilimdonlari, barcha ziyolilarni qutladi. Xususan, u musiqa sohasida mukofotga loyiq ko‘rilgan Ajda Pekkanni san’at olamining chinorlaridan biri deb atadi.  Professor Sulaymon Saim Tekjanning esa naqqoshlik, haykaltaroshlik yo‘nalishidagi asarlari, ma’rifiy fazilatlarini e’tirof etdi. Yilmaz Erdo‘g‘on, Ayla Alganning teatr va kino rivojiga qo‘shgan hissasi ham alohida baholandi.

R.T.Erdo‘g‘on olimlarning mamlakat taraqqiyotidagi muhim o‘rni haqida gapirar ekan, “Bizning e’tiqodimizda olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘ri sifatida ko‘riladi” deb ta’kidladi.

Fan va madaniyat yo‘nalishida davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgan professor Xayriddin Karaman Turkiyada islom ilmlarini puxta egallagani, bag‘rikengligi, kamtarligi va o‘ziga xos asarlari bilan tanilgan.

“Musulmonlar duch kelayotgan savol va muammolarga zamonaviy yechim izlayotgan, islom fiqhidan, ijtihod eshigini ochiq tutish uchun tinmay mehnat qilayotgan ustozimizning obro‘-e’tibori, mamlakatimiz carhadlaridan ham tashqariga chiqqan. Turkiyaning birinchi imom-xatib bitiruvchilaridan biri sifatida ustozimiz Xayriddin Karamanning imom-xatib avlodini tarbiyalashdagi xizmatlari katta. Ayniqsa, u shaxsan mening ham ustozim bo‘lgani uchun hurmatimni bildiraman”, dedi Turkiya prezidenti.

Adabiyot sohasida mukofotga loyiq ko‘rilgan Yavuz Bulent Bakiler betakror she’rlari, sayohatnoma, biografiyalari bilan tilga tushgan. Erdo‘g‘on Bakilerning nutqi qalamidek kuchli ekanini ta’kidlab, uni “turk tilining buyuk himoyachisi” deb atadi.

“Bizning madaniyatimiz – sevgi madaniyatidir. Biz yashayotgan geografiya shoirlarni sulton va sultonlarni shoir qiladigan, kalomdan va qalamdan kuch-qudrat paydo bo‘ladigan unumdor o‘lkadir” degan notiq marhum Oshiq Veyselning tarixiy xizmatini yodga oldi.

Turkiya yetakchisi mamlakatdagi barcha iste’dod egalari e’tiqodi, nasl-nasabidan qat’i nazar qadrlanishini ta’kidladi.

“Biz o‘z san’atkorlarini ajratgan emas, balki san’atkorlarini bag‘riga olgan Turkiya o‘laroq harakat qilamiz. Bo‘ynida qamoq hukmi bilan mangulikka jo‘nab ketgan ustoz Najib Fozilga hurmat ko‘rsatganimizdek, birpartiyalilik davrida zindonlarda yotgan Nozim Hikmatni ham himoya qilamiz”, deya xulosa qildi R.T.Erdo‘g‘on.