2019 yilning 15-16 mart kunlari O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Turkiya vakilligi tashabbusi bilan Turkiyaning Ko‘nya shahrida «Ikki qardosh davlat: Turkiya — O‘zbekiston va istiqboldagi munosabatlarda mening o‘rnim» nomli anjuman tashkil qilindi. Saljuq universiteti mezbonlik qilgan mazkur anjumanda Turkiyaning turli oliy ta’lim muassasalarida tadqiqot olib borayotgan o‘zbekistonlik doktorantlar o‘z ilmiy ishlarini yoritishga qaratilgan ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbirning ochilish qismi ikki davlatning milliy madhiyalarining yangrashi bilan boshlanib, O‘zbekiston va Turkiya munosabatlariga doir videolavha namoyishi bilan davom etdi. Anjumanning ochilish marosimida Saljuq universiteti Turizm fakulteti dekani professor Nejmi Uyanik, Saljuq tumani hokimi Ahmet Pekyatirmaji, Saljuq universiteti rektori professor Mustafo Shahin, Saljuq universiteti ijtimoiy fanlar instituti mudiri professor Mustafo Demirji, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Turkiya vakili Ergash Jumayev so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarga doir nutq so‘zlab, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladilar.
Xorijiy turklar va qardosh xalqlar boshqarmasi O‘rta Osiyo bo‘yicha mas’ul xodimi Engin Vural o‘z nutqida Turkiyada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar va yosh tadqiqotchilar faoliyatini yuqori baholab, anjumanning o‘zbekistonlik talabalarning bevosita tashabbusi bilan amalga oshirilishi boshqarma tarixida ilk marotaba kuzatilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Anjuman o‘z ishini turk tili va adabiyoti; tarix, falsafa va siyosat; sohalararo tadqiqotlar mavzularida 3 yo‘nalishda olib bordi. Ishtirokchilar anjuman yakunida «Kelajakka oid loyihalar» mavzusida tashkil qilingan yig‘ilishda ikki davlat munosabatlarini rivojlantirish borasidagi o‘z fikr-mulohazalari bilan qatnashdilar.
Anjumanning madaniy dasturi doirasida Ko‘nya shahri bo‘ylab sayohat amalga oshirildi. Anjuman ishtirokchilari Ko‘nyaning tarixiy-madaniy obidalari, shu jumladan, Jaloliddin Rumiy muzeyi, Yusuf og‘a qo‘lyozmalar kutubxonasi, Saljuqiylar davriga oid madrasalar, rimliklarning qadimiy maskanlaridan biri Sille ko‘hna shahri va unda joylashgan xristianlikka oid qadimiy cherkov va monastirlar, Ko‘nyaning so‘lim go‘shalaridan Sille parki, Tropik kapalaklar bog‘iga sayohat uyushtirdilar.